Muqobil turizm: zamonaviy tendensiyalar va kelajak istiqbollari
Poytaxtimizda muqobil turizm turlarini rivojlantirishning dolzarb muammolari va istiqbollarini muhokama qilish, ilmiy va amaliy tajriba almashish, shuningdek ilmiy, ta’lim va professional hamjamiyatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Muqobil turizm: zamonaviy tendensiyalar va kelajak istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda turizm sohasi dunyo miqyosida jadal rivojlanib, uning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lmoqda. Ana shunday yo‘nalishlardan biri — muqobil turizm bo‘lib, u tabiatni asrash, mahalliy madaniyatni qo‘llab-quvvatlash va sayyohlik faoliyatini barqaror rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, muqobil turizm an’anaviy ommaviy turizmdan farq qilib, sayyohlarga tabiiy va madaniy muhitga yaqinroq bo‘lish, mahalliy aholi hayoti bilan tanishish hamda tabiatga zarar yetkazmasdan dam olish imkonini beradi. Shu sababli bu turizm turi bugungi kunda nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Konferensiyada tadqiqotchilar, yosh olimlar, doktorantlar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, turizm industriyasi mutaxassislari, davlat hokimiyati organlari, muzeylar, ilmiy-tadqiqot institutlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda sohaga oid yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, Turkiya, Italiya, Iordaniya, Xitoy, Malayziya, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va boshqa davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi. Ular sohaga tegishli dolzarb ma’lumotlarni taqdim qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda muqobil turizm (ekoturizm, etnoturizm, agroturizm va qishloq turizmi) jadal rivojlanib borayotgan bir qator hududlar mavjud. Xususan, Toshkent viloyati (Chimyon, Chorvoq, Oqtosh), Jizzax viloyati (Zomin milliy bog‘i), Surxondaryo viloyati, Namangan va Farg‘ona vodiysi hamda Qoraqalpog‘iston (Ustyurt, Aralbo‘yi) shular jumlasidandir.
Tadbirda ishtirokchilar O‘zbekistonda muqobil turizm asosan tog‘li hududlar, qishloq joylar va ekologik noyob mintaqalarda rivojlanayotganini, bu yo‘nalish mamlakatning turizm salohiyatini kengaytirish bilan birga, mahalliy aholi daromadini ham oshirishini ta’kidladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA