22-may — Xalqaro biologik xilma-xillik kuni
Ekologiya yo‘nalishida biologik xilma-xillik tabiat muvozanatini saqlashda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. Ya’ni, Yer yuzidagi tirik organizmlar, ular yashash muhitlarining turli-tumanligi tabiatni o‘z holicha saqlash, iqlimni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Qolaversa, biologik xilma-xillik inson hayoti va faoliyati, salomatligi uchun muhim omildir. Shu bois, biologik xilma-xillikni asrab-avaylash masalasiga doim ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi.
Ammo afsuski, so‘nggi paytlarda biologik xilma-xillik keskin kamayib ketmoqda. Bunga sabab sifatida o‘rmonlarning kesilishi, yashillikning kamayishi, atrof-muhit ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, noqonuniy ov qilish, tabiiy resurslardan ortiqcha va pala-partish foydalanish kabilarni aytish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzida taxminan 8-10 million tur tirik organizm mavjud bo‘lib, ularning faqat 2 millionga yaqini rasman o‘rganilgan. Hozirda taxminan 1 million tur yo‘qolib ketish xavfi ostida.
Olimlarning aytishicha, turlar tabiiy holatga nisbatan 10-100 baravar tezroq yo‘qolmoqda. 1970-yildan beri dunyodagi yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi o‘rtacha 69-73 foizga kamaygan. Dunyo botqoqliklarining 35 foiz qismi yo‘qolgan, chuchuk suv ekotizimlaridagi turlarning 24 foizi yo‘qolish xavfi ostida.

O‘rmonlar quruqlikdagi biologik xilma-xillikning 80 foizini saqlaydi. Afsuski, o‘rmon hududlarining kamayib ketayotgani biologik turlarning kamayib, yo‘qolib borishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Bu borada O‘zbekistonda ham vaziyat quvonarli emas. Har daqiqada 10 kvadrat metr hosildor yerlar cho‘lga aylanib boryapti. Orolning qurigan tubidan yiliga 100 million tonna har xil ko‘rinishdagi tuz, qum, changlar ko‘tarilib, uzoq masofalarga tarqalyapti. Bu esa, o‘z navbatida, biologik xilma-xillikka ham ta’sir qilmoqda. Shuningdek, o‘simlik va hayvonot dunyosida ko‘plab turlar yo‘qolish xavfi ostida.
Shunday ekan, ekologik muammolarni yumshatish, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Xususan, bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida yangi qo‘riqxonalar tashkil etish, kamyob turlarni himoya qilish, daraxt ekish, o‘rmonlarni kengaytirish, suv-botqoq hududlarni borligicha saqlab qolish, shuningdek, ekologik ta’limni rivojlantirish, ekomadaniyatni yuksaltirish lozim bo‘ladi.
22-may — Xalqaro biologik xilma-xillik kuni sifatida dunyoda keng targ‘ib etiladi. Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1992-yil Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya a’zo tomonlarining anjumani tavsiyalari asosida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq e’lon qilingan.
Konvensiya dunyo mamlakatlarining biologik xilma-xillikni saqlash va ulardan barqaror foydalanish bo‘yicha, shu jumladan, ularning strategik harakatlar rejalarini ishlab chiqishdagi birgalikdagi ishlarini muvofiqlashtiradi. Bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq mamlakati mazkur Konvensiyani qabul qilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ham 1995-yilda ushbu xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan.
Mazkur yo‘nalishda mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bioxilma-xillik resurslari tabiat muvozanatini saqlash, atmosfera muhofazasida muhimligidan kelib chiqib, mavjud turlarni saqlab qolishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bioxilma-xillikni asrab-avaylashda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish eng muhim masalalardandir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA