“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari Prezident sovg‘asiga ega bo‘ldi
Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning tuman, shahar va viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan kitobxon yoshlar 10-14, 15-19 va 20-30 yosh toifasida o‘zaro bellashdi.
Bugungi kunda aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kitobxonlikni targ‘ib etuvchi tadbirlar esa ularga yana bir qo‘llab-quvvatlash bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholashda ularning belgilangan kitoblarni o‘qigani, asarning mazmun-mohiyatini tushungani va uni tahlil qilib bera olish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Shunga ko‘ra, “Yosh kitobxon”ning final bosqichi g‘oliblari aniqlandi. Xususan, 10–14 yosh toifasida 1-o‘rin Buxoro viloyatidan Farzona Nosirovaga nasib qildi va Prezident sovg‘asi “BYD Chazor” elektromobilini qo‘lga kiritdi. 15–19 yosh toifasida 1-o‘rinni Jizzax viloyatidan Jasurbek Abdug‘affarov egalladi va Prezident sovg‘asi “BYD Chazor” elektromobiliga ega bo‘ldi.

20–30 yosh toifasida esa 1-o‘rin Surxondaryo viloyatidan Fazilat Diyorovaga tegishli bo‘ldi. U ham Prezident sovg‘asi - “BYD Chazor” elektromobili sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, qolgan barcha ishtirokchilarning har biriga pul mukofoti topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA