Bojxona — iqtisodiy manfaatlar himoyasida
Bugungi kunda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot, eksportni qo‘llab-quvvatlash, davlat byudjeti daromadlarini ta’minlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridir.
Bojxona xizmati nafaqat davlat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, balki tadbirkorlikni rivojlantirish, tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashishda ham muhim o‘rin tutmoqda. Bu borada Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Boshqarmada tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar muntazam tashkil etilib, bojxona rasmiylashtiruvi, eksport-import operatsiyalari, logistika, bojxona imtiyozlaridan foydalanish hamda chegara postlarida yuklarni tezkor o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilinadi. Muhimi, bu uchrashuvlar bildirilgan fikr va takliflarni tinglash bilan cheklanmay, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashga xizmat qilmoqda.

Bojxona organlari faoliyati samaradorligini baholashda iqtisodiy ko‘rsatkichlar muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan jami 11,8 trillion so‘m bojxona to‘lovlari hisoblandi. Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa 4,2 trillion so‘mlik bojxona imtiyozlari qo‘llanildi. Natijada davlat byudjetiga 7,6 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazilishi ta’minlandi.
Ushbu raqamlar bojxona sohasida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va davlat byudjeti manfaatlarini ta’minlash vazifalari o‘zaro uyg‘un ravishda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda chegara-bojxona postlarida yuk va yo‘lovchilar harakatini tezlashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda ortiqcha vaqt sarfini kamaytirishga qaratilgan tashkiliy ishlar ham izchil davom etmoqda. Bu esa tashqi savdo operatsiyalarining samaradorligini oshirish va tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi imkoniyatlarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish va xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish bojxona organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Shu maqsadda boshqarma mutaxassislari hududlardagi korxonalar bilan muntazam muloqot olib bormoqda. Uchrashuvlarda bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri qo‘llash, import xom ashyosini qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish hamda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berilmoqda.
Bu borada «bojxona hududida qayta ishlash» rejimi tadbirkorlar uchun muhim iqtisodiy mexanizmlardan biriga aylangan. Mazkur rejim import qilinayotgan xomashyoni qayta ishlab, tayyor mahsulotni tashqi bozorlarga yo‘naltirish imkonini beradi.
Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar Toshkent viloyatidagi 90 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti tomonidan qiymati 421 million AQSH dollariga teng import xomashyosi ushbu bojxona rejimiga joylashtirildi. Qayta ishlash jarayonlari yakunlangach, qiymati 184 million AQSH dollariga teng tayyor mahsulotlar eksport qilindi. Bu natijalar xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat yaratish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Bojxona xizmati oldida turgan muhim vazifalardan yana biri bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, bunday holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, shuningdek, kontrabandaga qarshi samarali kurashishdir. Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tizimdagi barcha bo‘linmalar, guruhlar va bojxona postlarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bilan bir qatorda, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ham izchil ishlar olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish yo‘nalishida 41 ta holat aniqlanib, 222 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu kabi chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bilan birga, jamiyat xavfsizligini ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Tadbirkorlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ochiqlik, tezkorlik va jamoatchilik bilan muloqot muhim ahamiyatga ega. Shu bois Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi faoliyatiga oid yangiliklar, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va dolzarb ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Fuqarolar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari boshqarmaning rasmiy Telegram kanali orqali sohaga oid yangiliklardan xabardor bo‘lishlari mumkin. Eksport-import operatsiyalari va boshqa bojxona masalalari yuzasidan murojaat qilish uchun esa ishonch telefoni faoliyat yuritmoqda. Zero, bojxona xizmati samaradorligi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar, qonuniylikning ta’minlanishi va jamoatchilik ishonchi bilan ham belgilanadi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi faoliyatida ushbu yo‘nalishlarning o‘zaro uyg‘unligi mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Iskandar Agzamxodjayev,
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi
boshlig‘i, podpolkovnik,
O‘zA