Yillik inflyatsiya darajasi 5,5 foizgacha pasaydi
O‘zbekiston iqtisodiyotida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash borasida muhim ijobiy natijalar qayd etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil may oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi 5,5 foizgacha pasaydi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillar mobaynida kuzatilgan eng past darajalardan biri sifatida baholanmoqda.
Raqamlar tahliliga ko‘ra, narxlar o‘sish sur’ati bosqichma-bosqich sekinlashmoqda. Joriy yil aprel oyida yillik inflyatsiya 7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yilning may oyida bu ko‘rsatkich 8,7 foizni tashkil etgan. Shu tariqa, bir yil davomida umumiy narxlar bosimida sezilarli pasayish qayd etilgan.
Iqtisodchilarning fikricha, inflyatsiyaning pasayishi aholining real daromadlari va xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bu holat pul-kredit siyosatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini ham ko‘rsatadi.
Umumiy inflyatsiya darajasining pasayishiga qaramasdan, iste’mol bozorida ayrim mahsulotlar narxida o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, go‘sht mahsulotlari may oyida eng yuqori narx o‘sishini qayd etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir oy davomida suyaksiz mol go‘shti narxi 3,6 foizga, suyakli mol go‘shti va qo‘y go‘shti narxlari 2,9 foizga oshgan.
Mutaxassislar bu holatni mavsumiy omillar, chorva ozuqasi ta’minotidagi o‘zgarishlar hamda ichki bozorda talab va taklif muvozanati bilan izohlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy strategik maqsadi inflyatsiyani uzoq muddatli 5 foizlik target darajasiga barqaror ravishda tushirish va ushbu ko‘rsatkichni saqlab qolishdan iborat.
Amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati, qat’iy moliyaviy nazorat va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan choralar natijasida mamlakat ushbu maqsadli darajaga tobora yaqinlashib bormoqda.
Biroq iqtisodiy tahlilchilarning qayd etishicha, joriy past inflyatsiya darajasi doimiy barqaror holat sifatida saqlanib qolmasligi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, yil yakuniga qadar inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi ehtimoli mavjud. Bunga energiya resurslari tariflarining bosqichma-bosqich moslashtirilishi, tarkibiy islohotlar hamda mavsumiy talabning ortishi kabi omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Markaziy bank va iqtisodiy idoralar prognozlariga ko‘ra, tashqi va ichki omillar ta’sirini boshqarish, qat’iy pul-kredit siyosati va islohotlarni izchil davom ettirish orqali mamlakatda inflyatsiyani 5 foizlik barqaror darajaga 2027-yil oxirigacha to‘liq yaqinlashtirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, hozirgi tendensiya makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, investitsiya muhitini yaxshilash va aholi farovonligini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA