“Women in tourism-2026” III Markaziy Osiyo forumi davom etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan turizm sohasida faoliyat yuritayotgan ayol tadbirkorlarni birlashtiruvchi “Women in tourism-2026” III Markaziy Osiyo forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Ochilish tadbirida “Tadbirkor ayol” Xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari Radjapbay Nurazizov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Jamila Bobonazarova va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni forumning ochilishi munosabati bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirish, tadbirkorlar va bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni ortib, bu borada asrlar davomida yaqin qo‘shnichilikda, birga yashab kelgan Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.
[gallery-29816]
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa mamlakatlardan 200 nafarga yaqin ayol tadbirkorlar, turizm sohasi ekspertlari, xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari vakillari ishtirok etmoqda. Forum turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, yangi biznes aloqalar o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni shakllantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, turizm sohasida innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish, yangi turistik mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish hamda hududiy turistik salohiyatni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilishdan iborat.
Forum doirasida “Markaziy Osiyo turizmida ayollar: hududiy biznesdan global bozorlarga” hamda “Biznes va masshtablashtirish: katta investitsiyalarsiz rivojlanish” mavzularida sessiyalar tashkil etildi. Ularda turizm sohasini rivojlantirishning yangi modellari, mehmonxona biznesi, wellness-turizm, ziyorat turizmi, gastronomik turizm, raqamli marketing va turistik mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun hamkorlar yarmarkasi, B2B uchrashuvlari va biznes muzokaralar tashkil etildi. Bu esa yangi sheriklik munosabatlarini shakllantirish, investitsiyaviy va tijorat hamkorligini kengaytirish imkonini yaratdi.
Forumning ikkinchi kuni ishtirokchilar Qoraqalpog‘istonning turistik ob’ektlari, jumladan, “Qoraterang” etno-ekologik majmuasi, “Qoraqalpoq etno ovuli” turistik qishlog‘i hamda mashhur I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu tadbirlar hududning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini xalqaro mehmonlarga keng namoyish etishga xizmat qiladi.
Forum yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol tadbirkorlari o‘rtasida yangi hamkorlik kelishuvlariga erishish, qo‘shma turistik marshrutlar va loyihalarni ishlab chiqish, turistik oqimni oshirishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va mas’ul davlat idoralariga taqdim etiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.