YeI kengayishi uchun yangi qoidalar taklif etildi (+video)
Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta Yevropa Ittifoqini kengaytirish qoidalarini yengillashtirish tarafdori ekanini bildirdi, deb xabar berdi Euronews.
U o‘z taklifida har bir bosqichda bir ovozdan tasdiqlash talabini bekor qilishni aytdi va Bolqon davlatlarining integratsiyasini Yevropa barqarorligining muhim omili deb atadi.
Koshta G‘arbiy Bolqon va YeI yetakchilari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadigan Chernogoriyaning Tivat shahrida Euronews nashriga bergan eksklyuziv intervyusida Yevropa Ittifoqi yangi a’zolarni qabul qilish jarayonini tezlashtirishi kerakligini ta’kidladi. Koshtaning ta’kidlashicha, amaldagi qoidalar haddan tashqari murakkab bo‘lib, mintaqada norozilik va tushkunlikni keltirib chiqarmoqda. Ayrim davlatlar qariyb yigirma yildan beri a’zolik bo‘yicha noaniq holatda qolmoqda.
«Hozir butun jarayonni tugatish uchun 40-martadan ortiq ovoz berishga to‘g‘ri keladi. Biz qaror qabul qilinadigan bosqichlar sonini qisqartirib, jarayonni soddalashtirishimiz mumkin», — dedi Koshta.
Hozirgi tartibga ko‘ra, YeIga qo‘shilish jarayonining bir nechta bosqichlarida barcha a’zo davlatlarning bir ovozdan roziligi talab qilinadi. Bu esa har qanday davlatga veto qo‘yish imkonini beradi.
Masalan, Shimoliy Makedoniyaning YeIga qo‘shilish jarayoni Gretsiya va Bolgariya tomonidan konstitutsiyaviy masalalar hamda ozchilik huquqlari bo‘yicha kelishmovchiliklar sababli yillar davomida to‘xtatib kelingan.
Shuningdek, Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban Ukraina integratsiyasini bir necha bor veto orqali to‘sib qo‘ygan.
Koshta, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama muammolar YeI institutlari ko‘magida hal qilinishi kerakligini, ammo ular umumiy integratsiya jarayonini to‘sish vositasiga aylanmasligi lozimligini aytdi.
Tivatdagi uchrashuvda Antoniu Koshta bilan birga Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda YeIning yana 22 davlat rahbari ishtirok etmoqda.
Yevropa Ittifoqining kengayish siyosati 2022-yilda Rossiya-Ukraina urushidan keyin yangi geosiyosiy ahamiyat kasb etdi. Sammit oldidan Fransiya va Germaniya tomonidan tayyorlangan qo‘shma norasmiy hujjatda YeI kengayish siyosatiga «yangi turtki» berish, qoidalarni soddalashtirish va nomzod davlatlarga bosqichma-bosqich integratsiya uchun qo‘shimcha rag‘batlar yaratish taklif etilgan.
Diplomatik manbalarga ko‘ra, ushbu tashabbus asosan G‘arbiy Bolqon davlatlari va Moldova Respublikasi uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Ukraina haqida bevosita so‘z yuritilmagan.
Biroq Kiyev o‘z arizasini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishni talab qilib kelmoqda va YeIga a’zolikni urushdan keyingi xavfsizlikning asosiy kafolati sifatida baholamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Atjm2d-6sS8" title="YEI kengayishi uchun yangi qoidalar taklif etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA