Toshkent aksilkorrupsiya forumi o‘z ishini boshladi
Poytaxtimizda “Korrupsiyaga qarshi boshqaruvning yangi arxitekturasi: samarali preventiv choralar sari” shiori ostida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yuqori darajadagi nufuzli xalqaro tadbir – VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi o‘z ishini boshladi.
Forum dasturidan yuqori darajadagi plenar sessiya, shuningdek, institutsional ochiqlik va hisobdorlik, hududiy va mahalliy darajada korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi ta’lim va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga bag‘ishlangan uchta tematik muhokama o‘rin olgan.

Bugun O‘zbekiston ilk bor Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusining navbatdagi yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda.
Mazkur tadbirda xalqaro ekspertlar va xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari vakillari tomonidan mintaqada halollik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Forum Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Yevropa Ittifoqi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, yirik xalqaro hamkorlar ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda Yaponiya, Malayziya, Singapur, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Moldova, Estoniya, Litva, Ozarbayjon va Tojikiston kabi 10 dan ortiq davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari va mutaxassislari, Yevropa Ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda BMT tuzilmalarining yetakchi ekspertlari, shuningdek, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA