Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Xorazm viloyati Urganch shahrida “Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati va davlat idoralari hamkorligi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Ombudsman instituti, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ilmiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda huquq himoyachilari ishtirok etdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili aholi, ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi fuqarolar uchun huquqiy tushuntirishlar, amaliy maslahatlar va davlat organlari bilan ochiq muloqot maydonlariga ehtiyoj yuqori ekanini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, aholining huquqiy xabardorligini oshirish, fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va ulardan samarali foydalanishiga ko‘maklashish bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
[gallery-29358]
Ombudsman instituti tomonidan aholi bilan bevosita muloqot qilish, murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarni joylarda o‘rganish va huquqiy tushuntirish ishlarini manzilli tashkil etishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Ombudsman maktabi”, “Ombudsman soati” hamda “Tenglik va hurmat” kabi platformalar orqali aholining turli qatlamlari, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar qamrab olinmoqda.
Shuningdek, tadbirda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbiri