Tadbirkorlarning huquqlari tiklandi
Ma’lumki, Biznes-ombudsman devoni prokuratura organlari bilan hamkorlikda nazorat qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar qonuniyligini doimiy tahlil qilib bormoqda.
Hamkorlikda olib borilgan navbatdagi tekshiruvlar natijasida 5 nafar yakka tartibdagi tadbirkorga QQS guvohnomasi berish to‘g‘risidagi qarorlar haqiqiy emas deb topildi.
Xususan, Biznes-ombudsman Qashqadaryo viloyatidagi 5 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning (YTT) qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida noqonuniy ro‘yxatga olinganligi yuzasidan qilgan murojaatlarini o‘rganib chiqdi.
Aniqlanishicha, Viloyat soliq boshqarmasi joriy yil yanvar oyida tadbirkorlarga xabarnoma yuborib, ularni 2025-yildagi faoliyati asosida QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olgan. Bunda 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 462-moddasi talablari asos qilib olingan.
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas. Ya’ni, 2026-yildan kuchga kirgan yangi tartib tadbirkorlarning 2025-yildagi faoliyatiga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak edi. Amaldagi tartib bo‘yicha esa ushbu YTTlar QQS to‘lovchisi hisoblanmas edi.
Biznes-ombudsman tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga 5 ta da’vo arizasi kiritdi. Sud soliq organining QQS guvohnomalarini rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlarini qonunga zid va haqiqiy emas deb topdi. Natijada tadbirkorlarning huquqlari tiklandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA