Bolaga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilganda Bolalar ombudsmani xabardor qilinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida yopiq sud majlislarida ishtirok etish huquqi mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bolaga qarshi jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar olgan taqdirda jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilganda, bu haqda Bolalar ombudsmanini xabardor qilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, vakilning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Vakilni saylash, daxlsizlik huquqidan mahrum etish, shuningdek, u tomonidan parlamentga taqdim etiladigan ma’ruzani eshitish masalalari tartibga solinmoqda.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirish, Bolalar ombudsmani faoliyati samaradorligini oshirish hamda mazkur institutning huquqiy maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA