Sudyalikka tayyorgarlik: odil sudlovning mustahkam poydevori
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadlaridan biri, mustaqil, xolis va yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirishdir. Bu vazifani samarali amalga oshirish esa, avvalo, sudyalik lavozimiga munosib kadrlarni tanlash va tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2025-yil 21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjat bilan sud tizimi uchun xalqaro standartlarga mos, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashning mutlaqo yangi mexanizmi joriy etildi.
Farmonda ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, bo‘lajak sudyalarda mustaqil fikrlash, xolislik, adolat va yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi markaziy o‘rin egallaydi. Akademiyada sudyalik lavozimlariga nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan bo‘lib, ular sudyalik faoliyati uchun zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Ayni paytda Akademiyaning 2026/2027 o‘quv yili uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul jarayonlari davom etmoqda. Joriy yilning 3-iyun holatiga ko‘ra, tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan 418 nafar talabgor hujjat topshirgan. Bu esa sudyalik kasbiga qiziqish va mas’uliyatli huquqshunos kadrlar safining kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, talabgorlarning 227 nafari jinoyat huquqi, 104 nafari fuqarolik huquqi, 51 nafari iqtisodiy huquq va 36 nafari ma’muriy huquq ixtisosligi bo‘yicha hujjat taqdim etgan. Hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Samarqand va Namangan viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
Sudyalik — nafaqat chuqur huquqiy bilim, balki yuksak ma’naviy fazilatlar, mustaqil fikrlash va katta mas’uliyat talab etadigan kasb. Shu bois, kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish jarayonida nomzodlarning bilim darajasi bilan bir qatorda, ularning axloqiy sifatlari va sudyalik maqomiga munosibligiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu esa kelgusida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qila oladigan professional sudyalar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.
Huquqiy demokratik davlat qurish yo‘lida sud hokimiyatining o‘rni beqiyos. Sud tizimining samaradorligi esa, birinchi navbatda, unda faoliyat yurituvchi kadrlarning salohiyati bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Odil sudlov akademiyasida tashkil etilayotgan kasbiy qayta tayyorlash kurslari mamlakatimizda adolatli va samarali sudlov tizimini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
O‘zA