O‘zbekiston nutritsevtika sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi
Bugungi kunda tibbiyot nafaqat kasallikni davolash, balki uning oldini olish — profilaktika yo‘nalishiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bu borada esa nutritsevtika sohasi yetakchi o‘ringa chiqdi. Hindistonning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli tadbir va unda O‘zbekistonning yuqori mukofot bilan taqdirlanishi mamlakatimizning ushbu strategik yo‘nalishda to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganining isbotidir.
Hindistonda «Nutrify Today Academy» tomonidan ta’sis etilgan xalqaro «Ipak Yo‘li NutraPharma Corridor Laureate 2026» mukofotining O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga topshirilishi, o‘zbek farmatsiyasi tarixidagi yangi sahifani ochib berdi.
Ko‘pchilik uchun bu atama yangi tuyulishi mumkin. Oddiy til bilan aytganda, nutritsevtika — bu ovqatlanish (nutritsion) va farmakologiya (farmatsevtika) fanlarining tutashgan nuqtasi. Bunga inson organizmi uchun zarur bo‘lgan tabiiy oziq-ovqat komponentlari, shifobaxsh giyohlar ekstraktlari, vitaminlar, minerallar va biologik faol qo‘shimchalar (BFQ/BAD) kiradi. Ular kimyoviy dori vositasi emas, balki tabiiy xom ashyodan tayyorlangan va kasalliklarning oldini olish, immunitetni oshirish hamda hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiluvchi vositalardir.
Jahon bozorida nutritsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talab geometrik progressiya bilan o‘smoqda. Insonlar kimyoviy dorilarning nojo‘ya ta’siridan qochib, ko‘proq tabiiy va xavfsiz vositalarga intilmoqda. Bu trendning ham iqtisodiy, ham tibbiy foydasi juda yuqori. Nutritsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish an’anaviy kimyoviy dorilarga qaraganda kamroq vaqt va xarajat talab qiladi, biroq ularning bozordagi tijoriy jozibadorligi katta. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida nutritsevtika madaniyatining rivojlanishi surunkali kasalliklar (yurak-qon tomir, qandli diabet, semizlik) sonini keskin kamaytiradi va davlatning sog‘liqni saqlashga ajratadigan byudjetini tejashga yordam beradi.
Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, AQSH, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari nutritsevtika bozorida yaqqol yetakchilik qilayotganini ko‘ramiz. Masalan, Yaponiyada aholining 90 foizdan ortig‘i kundalik hayotida turli nutritsevtik vositalardan foydalanadi. Bu ushbu mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichining yuqoriligiga (84 yoshdan baland) bevosita ta’sir etuvchi omillardan biri sifatida ko‘riladi. Hindiston esa o‘z navbatida an’anaviy Ayurveda tibbiyotini zamonaviy texnologiyalar bilan birlashtirib, global nutritsevtika xabiga aylanmoqda. O‘zbekistonning aynan ushbu yo‘nalishda «Ipak yo‘li» koridori doirasida taqdirlanishi, mamlakatimizning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi nutritsevtik ko‘prikka aylanish salohiyatini anglatadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston nutritsevtika sohasini rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega. Mamlakatimiz hududida 2000 dan ortiq dorivor va foydali o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, ularning yuzlab turlari noyob shifobaxsh xususiyatlarga ega. Mukofotni qabul qilish marosimida Agentlik direktori Abdulla Azizov ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbari boshchiligida sohada tizimli islohotlar olib borilmoqda. Investitsiya muhitini yaxshilash, mahalliylashtirish dasturlari va yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish shular jumlasidandir.
Bu borada, ayniqsa, ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va klinik tadqiqotlarni o‘zida birlashtirgan "BioPharma City" farmatsevtika klasteri loyihasi muhim drayver bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu klaster mahalliy shifobaxsh giyohlarimizni chuqur qayta ishlab, xalqaro standartlarga mos keluvchi tayyor nutritsevtik mahsulotlar holida jahon bozoriga olib chiqish imkonini beradi.
«Ipak Yo‘li NutraPharma Corridor Laureate 2026» mukofoti O‘zbekistonning zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika ekotizimini shakllantirish yo‘lidagi qat’iy qadamlari, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi ilmiy, texnologik va sanoat hamkorligini rivojlantirishdagi rolining dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishidir. Mahalliy tabiiy resurslar va zamonaviy ilm-fan uyg‘unligi yaqin yillarda O‘zbekistonni nafaqat mintaqaviy, balki global nutritsevtika bozorining muhim ishtirokchisiga aylantirishiga shubha yo‘q.
Mohigul Qosimova, O‘zA