O‘zbekiston delegatsiyasi ICH va IPRP xalqaro yig‘ilishlarida ishtirok etmoqda
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida “Inson foydalanadigan farmatsevtika vositalariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha Xalqaro kengash” (ICH) assambleyasi hamda “Dori vositalarini tartibga solish bo‘yicha xalqaro platforma” (IPRP)ning umumiy yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishlar doirasida Markaz mutaxassislari ICHning M18 va Q5E Annex ishchi guruhlari yig‘ilishlarida faol qatnashmoqda. Ushbu ishchi guruhlarda biosimilyar dori vositalari hamda ilg‘or terapiya preparatlarini (ATMP) tartibga solish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Mazkur yo‘nalishlarda xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik qilish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish milliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, dori vositalarini tartibga solish tizimini takomillashtirish hamda xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu xalqaro maydonlardagi ishtiroki mamlakatimizning global farmatsevtika hamjamiyati bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, tartibga solish sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va aholini sifatli, xavfsiz hamda samarali dori vositalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA