Elchi O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Spiker N.Ismoilovning Malayziyaning O‘zbekistondagi o‘z faoliyatini yakunlayotgan Favqulodda va muxtor elchisi Ilham Tuah bin Illias bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda oliy darajadagi muloqotlar faollashib, ikki tomonlama hamkorlik kengayib borayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil fevral oyida Malayziyaga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlab, o‘zaro hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochgani ta’kidlandi.
N.Ismoilov elchining O‘zbekiston — Malayziya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, elchi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi faoliyati davomida mamlakat, uning mehmondo‘st xalqi va boy madaniy merosi haqida juda iliq taassurotlarga ega bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, elchi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yanada mustahkamlanib borayotganini alohida e’tirof etdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat parlamentlari hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Parlament diplomatiyasi salohiyatidan samarali foydalanish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish lozimligi ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA