Shahrisabz shahrida zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshooti qurilishi boshlandi
Qashqadaryo viloyatida oqova suv xizmatlari infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalaridan biri – Shahrisabz shahrida zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshooti qurilishiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda "O‘zsuvta’minot" AJ boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov va Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, inshoot poydevoriga ramziy kapsula qo‘ydi.
Mazkur loyiha aholiga ko‘rsatilayotgan oqova suv xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, zamonaviy texnologiyalarni sohaga keng joriy etish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 80,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. 2022-2027-yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazlarida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va yangidan barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, bir sutkada jami 53 ming kub metr oqova suvni qabul qilish va tozalash quvvatiga ega ikkita zamonaviy inshoot quriladi. Shundan Shahrisabz shahridagi inshootning quvvati 39 ming, Kitob tumanidagisiniki esa 14 ming kub metrni tashkil etadi. Shuningdek, 499,8 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi, 12 ta nasos stansiyasi barpo etiladi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazidagi 64 ta mahallada yashovchi 184 ming nafar aholi kanalizatsiya xizmatlari bilan yanada sifatli ta’minlanadi. Shu bilan birga, Kitob tumani markazidagi 12 ta mahallada istiqomat qiluvchi 28 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulanadi.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida oqova suvlarni chiqarish va tozalash tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan boshqa yirik loyihalar ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yil oxirida "Qarshi shahar oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish va qurish" mega-loyihasi doirasida qurilish-montaj ishlari boshlangan.

Qiymati qariyb 25 million AQSH dollariga teng ushbu loyiha doirasida bir sutkada 60 ming kub metr oqova suvni qabul qilib, tozalash quvvatiga ega zamonaviy inshoot barpo etilmoqda.
Inshootda oqova suvlar zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanadi. Hosil bo‘lgan chiqindilardan biogumus briketlari tayyorlanadi, 95 foizgacha tozalangan suv esa qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun qayta foydalaniladi. Bu suv resurslaridan samarali foydalanish hamda atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sohadagi investitsiya loyihalari kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan. Xususan, yaqin yillarda Kitob, Dehqonobod, Qamashi va Muborak tumanlarida ham zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.
Mutaxassislar fikricha, Shahrisabz shahrida yangi inshoot qurilishining boshlanishi hudud muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholi turmush sifati va ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri