Kadarstr sohasidagi o‘zgarishlar muhokama qilindi
Poytaxtimizda Davlat kadastrlari palatasi toshkent shahar boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 937-sonli qonuni ijrosi bajarilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining 937-sonli qonuniga asosan mahallabay xatlov o‘tkazish bo‘yicha reja-grafik mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2026-yili poytaxt hududidagi 150 ta mahallada xatlov ishlarini o‘tkazish belgilangan. Mazkur keng ko‘lamli jarayonlarga 150 nafar kadastr xodimlari jalb qilindi.
Avvalgi xatlovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning oldini olish maqsadida xatlov ishlari 2 bosqichda (dala va kameral ishlar) amalga oshirilmoqda.
Xatlovda hujjatsiz ob’ektlar bilan birga hujjati bor ob’ektdagi o‘zgarishlar ham o‘rganilmoqda, jumladan, umumiy xatlov o‘tkazilmoqda (har bir xonadon va har bir qarich yer to‘liq o‘rganiladi).
Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida jami 69 500 dan ziyod ob’ekt to‘liq xatlovdan o‘tkazildi, shundan 8 454 tasi “E’tirof” axborot tizimiga kiritildi.

Tizimga kiritilgan ob’ektlar quyidagi bosqichlarda ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, 2 992 ta ob’ekt vakolatli tashkilotlarda muhokamada, 7 tasi jamoatchilikka e’londa, 101 tasi adliyada xulosa olishda turibdi. Shu bilan birga, 3 088 tasi tahrirlashda, 1 528 ta ob’ekt bo‘yicha qonunchilikda belgilangan to‘lovlarni amalga oshirish kutilmoqda. 491 ta ob’ekt esa xalq deputatlari Kengashida ko‘rib chiqilmoqda va 46 ta ob’ektga xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari bilan huquqlar e’tirof etildi.
Shuningdek, tadbirda ta’kidlanganidek, “O‘zboshimchalik bilan egallangan” degan so‘z faqatgina noqonuniy degan ma’noni anglatmaydi. Qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolinmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham “o‘zboshimchalik bilan egallangan” degan ta’rif qo‘llaniladi.

Ushbu xalqparvar siyosat fuqarolarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularda o‘z uy-joyini qonuniy rasmiylashtirib olish, boshqa shaxsga sotish, oila a’zolarini doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi paydo bo‘ladi. Shuningdek, mulkdorlar endi bu uylarini ta’mirlash yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun imtiyozli kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladigan hollarda, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin bo‘ladi.
Yer uchastkalari va ularda qurilgan mulk ob’ektlariga oid huquqlarni e’tirof etish tartibi yanada soddalashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1153-sonli qonuni bilan mazkur sohadagi bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar tasdiqlandi.
Qonunning asosiy maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayonlarini tezlashtirish, fuqarolar uchun qulaylik yaratish hamda yagona huquqiy amaliyotni ta’minlashdan iborat.

Xususan, huquqlarni e’tirof etish jarayonidagi muddatlar 150 kundan 50 kungacha qisqartirildi. Soliq qarzdorligi BHMning 30 baravaridan oshmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha huquqlarni e’tirof etish imkoniyati yaratildi.
Bir martalik to‘lov belgilangan muddatda to‘liq amalga oshirilganda qolgan qismi uchun chegirmalar qo‘llaniladi. To‘lovni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan hollarda mablag‘ni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi joriy etildi.
Ortiqcha egallangan yer uchastkalariga huquqni e’tirof etish mexanizmi takomillashtirildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos sifatida belgilandi.
Shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha yer uchastkalari uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilmasligi belgilandi hamda fuqarolarning vaqt va mablag‘larini tejash maqsadida sudgacha bo‘lgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi.
Qurilish taqiqlangan hududga tushgan qism chiqarib tashlangan holda yer uchastkasining qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish imkoniyati yaratildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA