“Salomatlik marafoni”ga start berildi
Sirdaryo viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan “Salomatlik marafoni”ga tantanali start berildi. Guliston shahrida boshlangan ommaviy tadbir tibbiy profilaktikani kuchaytirish, aholiga sifatli tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish hamda jamoatchilik o‘rtasida sog‘lom hayot tarzi madaniyatini qaror toptirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni o‘zida mujassam etdi.
Marafon erta tongdan 5 ming metrlik ommaviy yurish aksiyasi bilan boshlandi. Unda yuzlab fuqarolar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tibbiyot xodimlari hamda yoshlar faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatladi.
Guliston shahridagi so‘lim xiyobonda tashkil etilgan ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimligi mutasaddilari, tibbiyot muassasalari rahbarlari, soha fidoyilari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Vohid Xudoyqulov joriy yil boshidan buyon barcha shahar va tumanlarda “Salomatlik marafoni” doirasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar izchil o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, chekka hududlarda tashkil etilgan sayyor tibbiy ko‘riklar orqali bugunga qadar 340 ming nafardan ziyod aholi malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, iyul oyi yakuniga qadar Guliston shahrida ham 78 ming nafardan ortiq aholini tibbiy ko‘riklar bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Bu esa kasalliklarni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
[gallery-30623]
Tadbir davomida viloyat sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ham atroflicha yoritildi. Xususan, 2026-yilda sohaga ajratilgan mablag‘lar 1 trillion 300 milliard so‘mga yetkazilib, moliyalashtirish hajmi 1,5 barobarga oshirildi. Dori-darmon ta’minoti uchun ajratilayotgan mablag‘lar esa 19 barobardan ziyod ko‘payib, aholini sifatli tibbiy vositalar bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaydi.
Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni ham sezilarli oshdi. Ilgari 10 turda amalga oshirilgan murakkab operatsiyalar bugun 55 turga yetkazildi. Natijada imtiyozli toifaga kiruvchi 1236 nafar bemorda umumiy qiymati 9,1 milliard so‘mlik yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.
Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugunga qadar 39 ta tibbiyot muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, joriy yilda yana 13 ta muassasada qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Davlat byudjeti, mahalliy byudjet va xalqaro hamkorlar mablag‘lari hisobidan yuzlab zamonaviy tibbiy jihozlar tibbiyot muassasalariga yetkazib berildi.
Shuningdek, viloyatda “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimining DMED modullari to‘liq joriy etildi. Sentyabr oyida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy situatsion markaz tashkil etilishi rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.
Marafon doirasida aholi uchun 22 ta tor ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar boshlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali shifokorlari, jumladan, tajribali akusher-ginekologlar homilador ayollar uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etdi. Ko‘riklar davomida bo‘lajak onalarning salomatligi baholanib, homiladorlikni sog‘lom o‘tkazish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni asrash hamda kasalliklarning oldini olish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbirning yana bir muhim voqeasi sifatida tajriba-sinov loyihasiga jalb etilgan Sirdaryo tumanidagi 11 nafar patronaj hamshirasiga xizmat skuterlari topshirildi. Bu mahallalarda tibbiy xizmatning tezkorligi va patronaj tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Marafon ishtirokchilari uchun sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib etuvchi “yashil”, “sariq” va “qizil” dasturxonlar tashkil qilinib, mutaxassislar oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligiga ta’siri haqida tushuntirishlar berdi.
Eng muhimi, viloyat markazidan boshlangan “Salomatlik marafoni” bir oy davomida Sirdaryoning barcha shahar va tumanlarida davom etadi. Marafon minglab aholini malakali tibbiy ko‘riklar bilan qamrab olish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish va jamiyatda sog‘lom turmush tarzi madaniyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA