Ot yo‘rttirish bo‘yicha chavandozlar saralandi
Toshkent shahridagi “Universal Horses Stable” ot sport klubida ot yo‘rttirish yo‘nalishi bo‘yicha CDI1* va CDI3* toifalaridagi xalqaro musobaqalar yuqori saviyada o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Musobaqaning CDI3* toifasida hamyurtimiz Alina Shevsova “Zamperoni” laqabli otida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, CDI1* yo‘nalishida “Nosito De Muze” nomli tulpori bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, turli yo‘nalishlarda CDI1* bahslarida hamyurtlarimizdan Darya Popova (“Graver”) kumush, Feruza Abdullayeva (“Lider”) bronza medal bilan taqdirlandi.
Bunday musobaqalar O‘zbekistonda ot yo‘rttirish yo‘nalishini yanada rivojlantirish va xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Universal Horses Stable” majmuasida konkur bo‘yicha Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) tomonidan jahon kubogi saralash bosqichi bahslari o‘tkazilib, unda 20 ta davlatdan chavandozlar ishtirok etgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA