OFK Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Kanadaning Vankuver shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Markaziy Osiyo mintaqasi vakili, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi.
Yig‘ilishga OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa raislik qildi. Majlisda Osiyo futbolining dolzarb masalalari, mintaqada futbolni yanada rivojlantirish, a’zo assotsiatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish hamda iqtisodiy loyihalar va yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa o‘z nutqida so‘nggi yillarda Osiyo futbolida erishilayotgan yutuqlarni alohida ta’kidladi. Shuningdek, Osiyo futbolining saviyasi va iqtisodiy imkoniyatlarini yanada oshirish, 2029–2036-yillar sikli doirasida iqtisodiy va tijoriy huquqlarga oid loyihalarda muhim natijalarga erishilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan FIFA prezidenti Janni Infantinoning navbatdagi muddatga qayta saylanishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlash qarori qabul qilindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA