JCH-2026: “E” va “F” guruhlarida favoritlar saralandi
Germaniya va Shvetsiya terma jamoalari raqiblarini ayab o‘tirmadi.
XXIII marotaba o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining “E” va “F” guruhlarida birinchi tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Jumladan, “E” guruhida Germaniya va Kyurasao terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 7:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalari учрашувининг 90-daqiqasida Adama Diallo tomonidan kiritilgan yagona gol Kot-d’Ivuarga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Natijada Germaniya va Kot-d’Ivuar termalari 3 ochko jamg‘arib, 1-2 pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, Ekvador hamda Kyurasao termasi 3-4 o‘rinlarni band etdi.

"F" guruhidan o‘rin olgan Niderlandiya hamda Yaponiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin jangovar 2:2 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Uchrashuvda dastlab Virjil van Deyk 51-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Keito Nakamura 57-daqiqada hisobni tenglashtirdi. oradan 7 daqiqa o‘tib niderlandiyaliklarning ikkinchi goliga Sammervill mualliflik qilgan bo‘lsa, 89-daqiqada Daichi Kamada raqib darvozasini ishg‘ol etgan holda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Ushbu guruhning ikkinchi o‘yinida Tunis va Shvetsiya terma jamoalari to‘qnashdi. Gollarga boy o‘tgan o‘yinda Shvetsiya 5:1 hisobida zafar quchdi. Mazkur natija shvedlar uchun 3 ochkoni keltirib, guruhda peshqadam bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Yaponiya va Niderlandiya bittadan ochko bilan, Tunis esa ochkosiz qolgan holda ilk turni yakunladi.

Darvoqe, ushbu guruhlardagi ikkinchi tur o‘yinlari 20-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda favoritlar va autsayderlar o‘zaro to‘qnashadi.
Bugun mamlakatimiz vaqti bilan soat 22:00 da “H” guruhidan o‘rin olgan Ispaniya hamda Kabo-Verde termalari o‘zaro to‘qnashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA