G7 Evian sammiti: Jahon siyosatini hamon G‘arb belgilayaptimi?
1975-yil neft inqirozi va moliyaviy beqarorlik sharoitida tashkil etilgan “Yettilik” formati yarim asr davomida xalqaro siyosatning nufuzli maydoni sifatida qabul qilindi. Binobarin, 2026-yil Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida o‘tgan navbatdagi sammit global voqelik butunlay o‘zgarganini yana bir bor namoyon etdi. Agar ilgari mazkur klub jahon iqtisodiyoti va xavfsizlik manzarasining asosiy qaror qabul qiluvchi markazi hisoblangan bo‘lsa, bugun tobora murakkablashayotgan ko‘p qutbli muhitda o‘z ta’sir doirasini saqlab qolish uchun yangi usullar izlamoqda.
Sammit yakuniga nazar tashlansa, Evianda muhokama qilingan mavzularning deyarli barchasi bir umumiy g‘oya atrofida birlashganini ko‘rish mumkin: iqtisodiy xavfsizlik va geosiyosiy barqarorlik. Ukraina mojarosi, Eron bilan bog‘liq vaziyat, strategik xom ashyo resurslari, sun’iy intellekt, ta’minot zanjiri, raqamli makonda bolalar xavfsizligi kabi masalalar bir maydonda muhokama qilinishi tasodif emas. Bu holat industrial davlatlar klubi endi faqat iqtisodiy muvofiqlashtiruvchi mexanizm emas, balki g‘arb dunyosining siyosiy-strategik platformasiga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Eng muhim jihat shundaki, mazkur tuzilma o‘z tarixi davomida bir necha bor mazmunan o‘zgargan: ilk bosqichda asosiy vazifa valyuta kursi, inflyatsiya va energetika bozoridagi muammoga javob topishdan iborat edi. Sobiq ittifoq parchalangach, kun tartibiga xavfsizlik va tashqi siyosat masalasi kirib keldi. Moskva ishtirok etgan davrda format G8 ko‘rinishida edi. Qrim voqealaridan keyin G7 shakliga qaytdi. Ukraina atrofidagi vaziyat boshlangach esa ushbu maydon o‘zini “qadriyatlar koalitsiyasi” sifatida namoyon eta boshladi.
Bugun G7 qay darajada qudratli?
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev tahliliga ko‘ra, rasmiy bayonot va siyosiy deklaratsiya ta’sirchan ko‘rinsa-da, raqamlar boshqa manzarani ko‘rsatmoqda. XX asr ikkinchi yarmida mazkur davlatlar jahon iqtisodiyotining salmoqli qismiga egalik qilgan. Hozirgi sharoitda iqtisodiy og‘irlik markazi Osiyo tomon siljimoqda. Xarid qobiliyati bo‘yicha hisoblanganda BRIKS+ maydonining umumiy salohiyati qator ko‘rsatkichlarda “yettilik”dan yuqori baholanmoqda. Bu esa xalqaro munosabatda mutlaq ustunlik davri tugayotganini anglatadi. Baribir, iqtisodiy ulush kamayishi siyosiy ta’sir o‘z-o‘zidan yo‘qoladi, degani emas. Vashington, Parij, Berlin, London, Tokio, Ottava va Rim hanuz moliyaviy tizim, texnologiya, mudofaa sanoati hamda sanksiya mexanizmi orqali ulkan imkoniyatga ega. Ukraina bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar, eksport nazorati siyosati yoki yuqori texnologiya sohasidagi cheklov buning yaqqol isboti.

Shu bilan birga Evian uchrashuvi mazkur klubning ichki muammolarini ham ochib berdi. Ayniqsa, Amerika rahbariyatining tashqi siyosatga yondashuvi bilan Yevropa yetakchilari qarashi o‘rtasidagi farq saqlanib qolmoqda. Savdo tarifi, mudofaa xarajatini taqsimlash, Pekinga nisbatan strategiya kabi yo‘nalishlarda yagona pozitsiya shakllantirish oson kechmayapti. Sammitda Ukraina masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgani beqiyos diplomatik yutuq sifatida taqdim etilgani ham aynan shu sabab bilan izohlanadi. Agar birlik tabiiy holat bo‘lganida, buni alohida ta’kidlashga ehtiyoj qolmas edi.
Yana bir muhim jihat – vakillik muammosi. Sayyoramizning demografik ko‘pchiligi ushbu format tarkibiga kirmaydi. Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlar ishtirokisiz iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, migratsiya yoki tashqi qarz bilan bog‘liq muammoni hal etish amalda mumkin emas. Shu bois Fransiya rahbariyati Evianga bir necha sherik davlatlarni taklif qildi. Bu qadam tasodifiy diplomatik xushmuomalalik emas, balki tor doiradagi klubning global qonuniylik muammosiga javob izlayotganidan dalolat.
E’tiborli tomoni, kun tartibida iqtisodiy o‘sish emas, xavfsizlik tushunchasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Avvalgi yillarda erkin savdo va bozorni liberallashtirish haqida ko‘proq so‘z yuritilgan. Bugun esa mineral resurslar, logistika tarmog‘i, yarim o‘tkazgichlar, raqamli infratuzilma, tashqi xatarni kamaytirish asosiy maqsad sifatida ko‘rilmoqda. Boshqacha aytganda globallashuvdan geoiqtisodiy raqobat bosqichiga o‘tish jarayoni tezlashmoqda.
Bu o‘zgarishlar markazida Xitoy omili turibdi. G‘arb mamlakatlari bir vaqtning o‘zida ham ushbu davlat bilan hamkorlik qilish, ham Chinga qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Bu vazifani bajarish oson emas, chunki nodir yer elementlari, litiy, grafit va boshqa strategik xom ashyoni qayta ishlash sohasida Pekinning mavqei hali juda kuchli. Shu sababli Evian sammitida qabul qilingan qarorlarning aksari aynan ta’minot zanjirini diversifikatsiya qilishga bag‘ishlandi.
Mazkur jarayonda Markaziy Osiyoning ahamiyati ham ortmoqda. Tabiiy resurslar, transport yo‘laklari va geografik joylashuv mintaqani yirik kuchlar diqqat markaziga aylantirmoqda. Shu nuqtai nazardan Evian sammiti faqat Yevropa yoki Shimoliy Amerika manfaati haqidagi yig‘ilish emas, balki Yevrosiyo makonidagi kelajak iqtisodiy raqobat qoidasi muhokama qilingan maydon sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
G7 va Markaziy Osiyo: resurs uchun raqobat, transport yo‘laklari
va O‘zbekiston oldidagi yangi imkoniyatlar
– Evian sammiti yakuni bir haqiqatni yana tasdiqladi: bugungi kunda xalqaro siyosatning asosiy kurashi mafkura emas, balki resurs, texnologiya va logistika yo‘laklari atrofida kechmoqda, – deya ta’kilaydi Jo‘rayev. – Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo keyingi o‘n yillikda global raqobatning eng muhim geoiqtisodiy maydoniga aylanishi mumkin. Bu holat mintaqa davlatlari uchun ham katta imkoniyat, ham jiddiy mas’uliyatni anglatadi.
So‘nggi yillarda AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlarining mintaqadagi faolligi sezilarli darajada oshdi. Ilgari xavfsizlik yoki terrorizmga qarshi kurash nuqtai nazaridan qaralgan hudud endi strategik minerallar, tranzit infratuzilmasi va sanoat zanjirining muhim bo‘g‘ini sifatida baholanmoqda.
Aynan shu sababli Evianda qabul qilingan qarorlarning aksari muhim minerallar mavzusi bilan bog‘liq bo‘ldi. Litiy, volfram, germaniy, mis, kobalt zamonaviy iqtisodiyotning asosiy xom ashyosiga aylanmoqda. Elektromobil, quyosh paneli, akkumulyator, sun’iy intellekt uchun zarur hisoblash tizimi hamda yuqori texnologiyali qurilmalar aynan shu minerallarga tayanadi.
Bugungi voqelik shundan iboratki, mazkur sohadagi qayta ishlash quvvatlarining katta qismi Xitoy hududida jamlangan. G‘arb davlatlari esa bu qaramlikni qisqartirishga harakat qilmoqda. Shu nuqtada Markaziy Osiyo tabiiy resurslarga boy hudud sifatida alohida ahamiyat kasb eta boshlaydi.
Xususan, O‘zbekiston so‘nggi yillarda strategik ahamiyatga ega qator konlar aniqlanganini ma’lum qildi hamda qazib olish bilan cheklanmasdan, qayta ishlash bosqichini rivojlantirishga qaratilgan yirik dasturlarni ilgari surmoqda. Bu tendensiya mamlakatning xalqaro iqtisodiy ahamiyatini oshirayotgan asosiy omillardan biridir. Faqat jarayonga soddalashtirilgan yondashuv bilan qarash xato, chunki global kuchlarga qiziqish ortishi har doim ham mahalliy iqtisodiyot uchun foyda keltirmaydi. Resurslarga boy bo‘lib turib, yuqori qo‘shilgan qiymat yarata olmagan davlatlar ko‘p. Ya’ni, gap mineralni qazib chiqarish emas, balki qayta ishlash, tayyor mahsulot berish va texnologiya zanjirining yuqori bosqichiga ko‘tarilishda.
Aslida Evian sammitidagi muhokamalarning mazmuni ham shu haqda edi. G‘arb davlatlari xom ashyo manbalariga kirish imkoniyatini kengaytirmoqchi. Markaziy Osiyo mamlakatlari esa faqat resurs yetkazib beruvchi emas, balki sanoat hamkori sifatida ishtirok etishdan manfaatdor. Kelajakda qaysi yondashuv ustun kelishini vaqt ko‘rsatadi.

Mintaqamizning ahamiyatini oshirayotgan yana bir omil – transport yo‘laklari. So‘nggi geosiyosiy o‘zgarishlar xalqaro savdo marshrutlarini qayta shakllantirmoqda. Bu jarayonda Transkaspiy yo‘lagi yoki “O‘rta koridor” deb ataluvchi yo‘nalishga qiziqish keskin ortdi. Yevropa bilan Osiyoni bog‘lovchi mazkur marshrut ko‘plab davlatlar uchun muqobil logistik yechim sifatida ko‘rilmoqda. Shu bois Bryussel ham, Vashington ham mintaqa infratuzilmasiga sarmoya kiritishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Sammit materiallarida qayd etilgan C5+1 va B5+1 platformalari aynan shu strategik yondashuvning bir qismi hisoblanadi. Bu mexanizmlar orqali mintaqa mamlakatlarini yangi ta’minot zanjiriga jalb qilish, biznes aloqalarini kengaytirish hamda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsad qilingan. Bir qarashda iqtisodiy tashabbus bo‘lib ko‘ringan bu jarayon ortida katta geosiyosiy hisob-kitob mavjud. Zero, XXI asrda ta’minot zanjirini nazorat qilish ko‘pincha harbiy qudratdan kam ahamiyat kasb etmaydi.
Muhim savol: O‘zbekiston qanday yo‘l tutishi kerak?
Sammit tahlilidan kelib chiqadigan eng muhim xulosa shuki, mamlakat uchun eng maqbul strategiya ko‘p vektorli tashqi siyosatni saqlab qolish. Bir tomondan G‘arb bilan iqtisodiy va texnologik hamkorlikni kengaytirish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Ikkinchi tomondan Xitoy mintaqaning yirik iqtisodiy sheriklaridan biri. Shu bilan birga Rossiya ham Yevrosiyo makonida muhim o‘rin egallashda davom etyapti. Bunday sharoitda bir markazga qaram bo‘lib qolish emas, balki barcha yo‘nalishlar bilan muvozanatli munosabat yuritish milliy manfaatga ko‘proq mos.
Sammit yana bir muhim tendensiyani namoyon qildi: xalqaro munosabatlar tizimi tobora parchalanayotgandek. Ilgari qarorlar asosan bir yoki ikki markaz atrofida qabul qilingan. Hozir bir vaqtning o‘zida bir necha kuch nuqtalari shakllanmoqda. G7, BRIKS+, SHHT, G20 va boshqa platformalar o‘rtasidagi raqobat aynan shu jarayon ifodasidir.
Anjumanning asosiy sabog‘i Ukraina yoki Eron bilan bog‘liq qarorda emas. Xulosa shuki, xalqaro tizim yangi bosqichga kirdi. G‘arb mamlakatlari hanuz kuchli ta’sir imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, endi yakka holda global kun tartibini belgilay olmaydi. Shuning uchun Evianda Braziliya, Hindiston, Keniya, Koreya Respublikasi ishtirok etdi. Bu voqelikning o‘ziyoq yangi davr boshlanganini anglatadi.
Markaziy Osiyo uchun esa ushbu jarayon xavf emas, balki imkoniyat sifatida baholanishi mumkin. Agar mintaqa mamlakatlari raqobatlashayotgan kuch markazlari o‘rtasida muvozanatni saqlay olsa, investitsiya, texnologiya va bozorlarga chiqish imkoniyati kengayadi. Aks holda geosiyosiy o‘yin uchun navbatdagi maydonga aylanib qolish xavfi yuzaga keladi.
“Evian-2026” shu jihatdan odatiy sammit emas, balki xalqaro munosabatdagi yangi kuchlar muvozanatini namoyon etgan, Markaziy Osiyoning ortib borayotgan ahamiyatini tasdiqlagan, qolaversa O‘zbekiston oldida turgan strategik vazifalarni yaqqol ko‘rsatib bergan siyosiy voqea sifatida baholanishi kerak.
Musulmon Ziyo, O‘zA