Shuhrat Rasul: Dunyo murakkab sinovlar qarshisida (+video)
Joriy haftada xalqaro maydonda AQSH – Eron munosabatlari, Buyuk Britaniyadagi siyosiy o‘zgarishlar hamda Yevropada kuzatilayotgan keskin issiqlik to‘lqini eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Bu jarayonlar nafaqat mintaqaviy, balki global siyosat va iqtisodiyotga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zAning “Xalqaro sharh” dasturida siyosatshunos Shuhrat Rasul mazkur voqealarning ahamiyati va ehtimoliy oqibatlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ekspertning ta’kidlashicha, AQSH va Eron o‘rtasida boshlangan muzokaralar hozircha murakkab va ziddiyatli kechmoqda. Tomonlar ayrim masalalarda turlicha pozitsiyalarni ilgari surayotgan bo‘lsa-da, muzokaralar jarayonining davom etayotgani o‘ziga xos ijobiy “signal” hisoblanadi.
– Bugungi kunda muzokaralar dinamikasi bir maromda emas. Bir tomondan ijobiy bayonotlar yangrasa, ikkinchi tomondan ayrim kelishmovchiliklar ham kuzatilmoqda. Shunga qaramasdan, tomonlar muzokaralar stoli atrofida qolmoqda. Bu esa diplomatiyaning muhim yutug‘i hisoblanadi, -dedi Shuhrat Rasul.
Siyosatshunosning fikricha, asosiy bahsli nuqtalar Yaqin Sharqdagi xavfsizlik masalalari, xususan, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda Eron yadro dasturiga oid kelishuv bandlarining turlicha talqin qilinishi bilan bog‘liq.
Suhbat davomida tahlilchi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning iste’fosi mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi. Ekspertning qayd etishicha, hukumat rahbarining almashishi mamlakat tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.
– Birlashgan Qirollikning “Leyboristlar” partiyasi ichida Ukraina masalasi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va NATO doirasidagi hamkorlik bo‘yicha muayyan konsensus shakllangan. Shu sababli yangi rahbar ham ushbu siyosiy kursni davom ettirishi ehtimoli yuqori, -dedi siyosatshunos.
Shuningdek, ko‘rsatuvda Yevropada kuzatilayotgan kuchli issiqlik to‘lqini va uning global oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri haqida ham fikr bildirildi. Shuhrat Rasulning aytishicha, iqlim o‘zgarishi insoniyat uchun jiddiy chaqiriq bo‘lib qolmoqda. Biroq yangi texnologiyalar, suv resurslaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar ushbu xavflarni yumshatish imkonini bermoqda.
– Suvni chuchuklashtirish va resurslarni tejaydigan texnologiyalarning rivojlanishi insoniyatga yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bois, kelajakda oziq-ovqat inqirozi haqidagi eng pessimistik prognozlar amalga oshmasligi mumkin, – dedi u.
Ko‘rsatuvning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/a07ICvUg3sM?si=JC300H4eX-pBY-KT" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov,
Doniyor Yoqubov (tasvirchi),
Anvarxo‘ja Ahmedov (videomuhandis),
O‘zA