Britaniya g‘aznasi kaliti kimga beriladi?
Trillionlab funtlik byudjet, soliq siyosati va davlat xarajati uchun mas’ul lavozim bo‘shashi mumkin. Britaniyada Bosh vazir almashishi haqidagi bahs kuchaygan sari mamlakatning keyingi moliya vaziri kim bo‘lishi bo‘yicha muhokama ham avj olyapti. Bu qaror nafaqat Londondagi siyosiy muhit, balki moliya bozori va millionlab britanlar hayotiga ham ta’sir qiladi.
Muhokama markazida mamlakat bosh vazirligiga da’vogar sifatida ko‘rilayotgan Manchester shahri meri va Leyboristlar partiyasi taniqli siyosatchisi Endi Byornxem turibdi. Agar u hukumat rahbariga aylansa, iqtisodiy siyosatni kimga ishonib topshirishi juda qiziq. Shu bois ehtimoliy nomzodlar atrofida qizg‘in siyosiy kurash boshlangan.
Asosiy da’vogar – sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting. U iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish tarafdori sifatida tanilgan va Byornxemga yaqin siyosiy shaxs hisoblanadi. Yana bir kuchli nomzod – Leyboristlar partiyasi sobiq rahbari, amaldagi energetika vaziri Ed Miliband. Tarafdorlari uning tajribasini asosiy ustunlik sifatida ko‘rsatsa, tanqidchilari nomzodni iqtisodiy siyosat borasida ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.
Ro‘yxatda sobiq biznes vaziri, hozirgi mehnat hamda pensiya masalasi bo‘yicha vazir Pet Makfadden ham bor. Ayrim tahlilchilar uni davlat moliyasini boshqarish uchun eng tayyor nomzod, deb hisoblaydi. Shuningdek, tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper ham murosali yo‘l sifatida tilga olinmoqda. U g‘aznachilik tizimida ishlash tajribasiga ega bo‘lib, partiya ichida turli qarashlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlay oladigan siyosatchi sifatida baholanadi.
Londondagi muhokama faqat shu nomlar bilan cheklanmaydi. Ichki ishlar vaziri Shabona Mahmud, sobiq mudofaa vaziri Jon Xili, Bosh vazir devoni rahbariyatida ishlayotgan Darren Jons hamda iqtisodchi va siyosatchi Torsten Bellning nomlari ham tilga olinmoqda. Shu bilan birga amaldagi moliya vaziri Reychel Rivz lavozimini saqlab qolishi ehtimoli ham istisno qilinmayapti. Hozircha hech qanday qaror qabul qilinmagan. Birgina lavozim uchun kechayotgan keskin kurash Britaniya iqtisodiyoti keyingi yo‘nalishini belgilashi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA