"Elektron retsept" tizimi kutilgan natijani beryaptimi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan brifingda davlat sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, dori vositalari muomalasida shaffoflikni ta’minlash va aholiga qulay xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tildi. Shu yo‘nalishdagi muhim yangiliklardan biri, “Elektron retsept” tizimining joriy etilishidir.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassisi Dilnoza Kamolovaning so‘zlariga ko‘ra, “Elektron retsept” tizimini joriy etish, dorixonalarda mazkur tizimga bosqichma-bosqich ulanish hamda uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash borasida qator tashkiliy va amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq, 2026-yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha 9 ming 525 ta dorixonani “Elektron retsept” tizimiga ulash belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 9 ming 439 ta dorixona tizimga ulandi va belgilangan rejaning 99,1 foizi bajarildi. Shu bilan birga, respublikada dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jami 14 ming 149 ta dorixona mavjud bo‘lib, shundan 13 ming 899 tasi yoki 98,2 foizi tizimga ulangan hamda amalda faoliyat yuritib kelmoqda.
Xususan, sentabr oyida rejalashtirilgan 8 ming 49 ta dorixonaning barchasi 100 foiz tizimga ulandi. Shuningdek, tizimdan foydalanishni o‘rgatish maqsadida respublika bo‘yicha 58 ta o‘quv seminari tashkil etilib, ularda 4 ming 460 nafar tadbirkorlik sub’ekti vakillari qamrab olindi, – dedi D.Kamolova.
Shuningdek, tizim talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ham kuchaytirilib, retsept bilan berilishi lozim bo‘lgan dori vositalarini noqonuniy realizatsiya qilish holatlari yuzasidan 323 ta ma’muriy chora qo‘llanildi. Jumladan, 2026-yil boshidan hozirga qadar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Tuman tibbiyot birlashmalaridan kelib tushgan taqdimnomalar asosida retsept bilan beriladigan dori vositalarini retseptsiz realizatsiya qilish holatlari bo‘yicha 294 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
– Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirib, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, kelgusida tizimning to‘liq va samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan bir qator muhim vazifalar belgilab olindi, – dedi D.Kamolova. – Xususan, davlatimiz rahbarining qarorlarida ko‘rsatilgan raqamlashtirish vazifalaridan kelib chiqib, oldimizda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar turibdi. Jumladan, reja-jadvalga muvofiq yil yakuniga qadar qolgan barcha dorixonalarni ham to‘liq “Elektron retsept” tizimiga ulash va ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash dolzarb vazifa. Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli idoralarning axborot tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani yanada takomillashtirib, shifokorlar tomonidan beriladigan elektron retseptlarning dorixonalarda tezkor va xatosiz qayta ishlanishiga erishish mas’uliyati zimmamizga yuklatilgan. Aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda dori vositalari muomalasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida retseptsiz berilishi taqiqlangan dori vositalarining noqonuniy realizatsiya qilinishining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish har birimiz uchun muhim vazifa sanaladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari va dorixona xodimlarining raqamli ko‘nikmalarini oshirish, fuqarolar o‘rtasida esa “Elektron retsept” tizimining afzalliklari yuzasidan targ‘ibot ishlarini kengaytirish kabi qator amaliy vazifalarni bajarish ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar aholining barcha qatlamlari uchun dori vositalarini xarid qilish jarayonini yanada soddalashtirish, sohada to‘liq shaffoflikni ta’minlash hamda inson omilini keskin kamaytirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish va fuqarolarimiz uchun xavfsiz muhit yaratishda muhim qadam bo‘ladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA