Kompleks baholash guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Urganch shahrida 3-18 yoshdagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni yangi tizim asosida kompleks baholash boshlanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Urganch shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi huzurida tuzilgan yangi guruh maxsus pedagog, psixolog va ijtimoiy xodimlari baholash metodikalari hamda edu.ihma.uz platformasida ishlash bo‘yicha amaliy tayyorgarlikdan o‘tkazildi.
Ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, bolalarni kompleks baholash va tegishli ta’lim shakliga yo‘naltirish tartibi tushuntirildi.
– Baholash jarayonida maxsus pedagog, psixolog va mahalladagi ijtimoiy xodim bolaning ta’lim olish imkoniyatlari, rivojlanishi, muloqoti, xulq-atvori, oilaviy va ijtimoiy muhitini kompleks o‘rganadi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi shu’ba mudiri Shohrux Bekchanov. – Jarayonda ota-ona yoki qonuniy vakil ishtirok etadi, zaruratga ko‘ra tibbiyot mutaxassislari ham jalb qilinadi. Maqsad har bir bolaga uning individual ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib, sifatli ta’lim olishi uchun mos sharoit yaratishdan iborat.
[gallery-31953]
Bolani kompleks baholash guruhlari davlatimiz rahbarining 2026-yil 4-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, viloyatdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari huzurida tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, keyingi oydan Yangibozor, Qo‘shko‘pir tumanlari va Xiva shahrida, dekabr oyidan boshlab qolgan tumanlarda ham o‘z faoliyatini boshlaydi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari