Sirdaryoning yangi rahbari ishni Xovos ziyoratidan boshladi
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov viloyatdagi faoliyatini Xovos tumanida joylashgan «Hasti buzurgon» — Bobo Jobir qadamjosini ziyorat qilishdan boshladi.
Ziyoratgoh Xovosning tarixiy-ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan tabarruk maskanlardan biri hisoblanadi. Mahalliy rivoyatlarda Bobo Jobir Islom dinini tarqatish va aholi orasida ma’rifatni yoyishga hissa qo‘shgan ulug‘ inson sifatida e’zozlanadi. Qadamjo asrlar davomida shakllangan diniy qadriyatlar, ajdodlar merosi va xalq xotirasi bilan chambarchas bog‘liq.

Ziyoratda tuman hokimi, viloyat Nuroniylar jamg‘armasi raisi, mehnat faxriylari va mahalla faollari ham ishtirok etdi. Doniyor Qodirov ular bilan suhbatlashib, hududning bugungi hayoti va istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr almashdi.
— Sizlar bilan uchrashganimdan, tanishganimdan xursandman. «Mehr ko‘zda» degan gap bor. Bundan buyon tez-tez ko‘rishib turamiz. Mehnatsiz, intizomsiz hech qayerda baraka bo‘lmaydi. Buni hammangiz mendan yaxshi bilasizlar. Muhtaram Prezidentimiz ham menga shunday vazifa qo‘ydilar: «Sirdaryoda namuna bo‘lishi kerak. Sirdaryoda kambag‘al qolmasligi, ishsizlik bo‘lmasligi kerak», dedilar. Joyimiz, imkoniyatimiz bor, mehnatkash xalqimiz bor. Boshimizda shunday rahbarimiz bor ekan, nega bu vazifalarni bajarmasligimiz kerak? Aytyapman-ku, bitta maqsad sari birgalikda intilsak, Xudo xohlasa, natijamiz yaxshi bo‘ladi, — dedi Doniyor Qodirov.

Suhbat davomida hududning tarixiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, milliy qadriyatlarni e’zozlash, yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishda hamjihatlik hamda tashabbuskorlikning ahamiyati ta’kidlandi.

Sirdaryoda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va har bir xonadon farovonligini yuksaltirish umumiy maqsad yo‘lida birlashishni taqozo etadi. Bu borada mehnatkash xalqning salohiyati, nuroniylarning hayotiy tajribasi va hamjihatlik muhim omillardan sanaladi.
Bu masala Sirdaryoda yana bir bor kun tartibiga chiqdi. Endi asosiy e’tibor belgilangan maqsadlarning amaliy natijalarda o‘z aksini topishi, har bir tashabbus aholi hayotida ijobiy o‘zgarishlarga aylanishiga qaratiladi. Zero, haqiqiy natija so‘zda emas, amaliy ishlar va odamlar hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri