Anomal issiq Yevropani larzaga keltirmoqda
G‘arbiy Yevropada anomal issiq to‘lqin Fransiyada minglab xonadonni toksiz qoldirdi, infratuzilma va transport tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Fransiya shimolidagi minglab uy elektr ta’minotidan uzildi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar bergan. Rasmiylar transformatordagi avariya issiqlik ta’sirida yuz berganini ma’lum qilgan. Shifoxonalar, qariyalar uylarini generator orqali uzluksiz energiya bilan ta’minlashga kirishildi. Butun Yevropa bo‘ylab odatiy me’yordan 18 darajagacha ko‘tarilgan harorat transport tizimini izdan chiqardi, maktablar, sayyohlik maskanlari yopildi. Ob-havo mutaxassislari fikricha, “Omega” deb ataluvchi havo oqimi tufayli yuzaga kelgan vaziyat 2003-yildagi 80 000 kishi hayotiga zomin bo‘lgan mudhish jazirama bilan taqqoslanmoqda.
Issiq tufayli quruvchilar, dehqonlar ish jadvalini tungi vaqtga ko‘chirishga majbur bo‘ldi, suv havzasida cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni keskin ortdi. Buyuk Britaniyada rekord darajadagi harorat tufayli tarixda ikkinchi bor aholi hayotiga xavf soluvchi “qizil” darajali ogohlantirish e’lon qilinib, temir yo‘l qatnovi cheklandi.
Fransiya janubi-sharqida esa jazirama mashina ichida qolib ketgan ikki yosh bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi.
Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Rim, Milan va Florensiya kabi 16 yirik shaharda yuqori xavf darajasini joriy etdi. Meteorologlar ogohlantirishicha, yaqin kunlarda havo harorati 45 darajagacha chiqishi mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA