Zargarlik sohasida tadbirkorlik sub’ektlari soni ikki yilda qariyb ikki barobar oshdi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan zargarlik sohasini tartibga solish, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari hamda nazorat yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar soni ortib, asillik darajasini aniqlash va davlat tamg‘asi bilan tamg‘alash xizmatlariga bo‘lgan talab ham izchil oshib bormoqda.
Ayni paytda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida faoliyatni boshlash tartibi ham soddalashtirilgan. Tadbirkorlik sub’ektlari buning uchun “Litsenziya” elektron axborot tizimi - license.gov.uz yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali -my.gov.uz orqali xabarnoma yuborishi mumkin. Jarayon to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, xizmatlar inson omilisiz elektron shaklda ko‘rsatiladi.

Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi Nazorat-taftish boshqarmasi boshlig‘i Ma’mur Pirnazarovning ta’kidlashicha, sohada yaratilayotgan qulayliklar va raqamlashtirish jarayonlari faoliyat ko‘rsatkichlarining o‘sishida ham o‘z aksini topmoqda.
– 2023-2025-yillarda sohada asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sish kuzatildi. Jumladan, affinaj faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar soni 2023-yildagi 12 tadan 2025-yilda 21 taga yetdi. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash faoliyati bo‘yicha ko‘rsatkich 315 tadan 580 taga, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar soni esa 519 tadan 830 taga oshdi.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar soni 913 tadan 1 919 taga yetdi. 2026-yil yanvar-avgust oylarida ham ijobiy dinamika saqlanib, affinaj faoliyati bo‘yicha 5 ta, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash bo‘yicha 123 ta, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 193 ta, zargarlik va boshqa buyumlarni sotish bo‘yicha esa 629 ta ko‘rsatkich qayd etildi, – dedi u.
Matbuot anjumanida xalqaro aeroportlar orqali zargarlik buyumlarini olib chiqish va olib kirish tartibiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’mur Pirnazarovning aytishicha, jismoniy shaxslar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 200 grammgacha kumush va 65 grammgacha oltin zargarlik buyumlarini olib chiqishlari mumkin.
–Belgilangan miqdordan ortiq bo‘lgan zargarlik buyumlari yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladi. Shuningdek, Asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini mamlakat hududidan tashqariga olib chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar zargarlik buyumlarini shaxsiy ehtiyojlari uchun, notijorat maqsadida bojxona to‘lovlarisiz olib kirishlari mumkin. Bunda bojxona to‘lovlarisiz olib kirishning qiymat chegarasi transport turiga qarab belgilanadi. Masalan, samolyotda 1 000 AQSH dollarigacha, temir yo‘l yoki daryo transportida 500 AQSH dollarigacha, avtomobil yo‘li orqali o‘tish punktlarida esa 300 AQSH dollarigacha qiymatdagi zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi, –dedi M.Pirnazarov.
Qayd etilganidek, zargarlik mahsulotlarini tijorat maqsadida olib kiruvchi tadbirkorlar uchun ham qator yengilliklar joriy etilgan. Xususan, 2025-yil 1-sentabrdan 2028-yil 1-sentabrgacha zargarlik buyumlari (TIF TN 7113 va 7114) uchun bojxona boji 20 foizdan 2 foizga tushirilgan. 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha marvarid, olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar uchun import boji 0 foiz etib belgilangan.

Bu kabi imtiyoz va yengilliklar sohada qonuniy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, bojxona jarayonlarini soddalashtirish hamda tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Matbuot anjumanida sohada qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
– 2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, respublikada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat yuritayotgan sub’ektlar soni 2 911 tani tashkil etmoqda.
Inspeksiya tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar ham muntazam olib borilmoqda. Jumladan, 2024-yilda 1 500 ta, 2025-yilda 1 679 ta, joriy yilning hisobot davrida esa 1 169 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. Hududlarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar, seminarlar va tushuntirish ishlari tashkil etilib, ularga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib kelinmoqda.
Bundan tashqari, nazorat jarayonlarini yanada shaffoflashtirish maqsadida xizmat ko‘rsatish jarayonlarida videokuzatuv tizimini joriy etish, nazorat tadbirlarini zamonaviy texnik vositalar orqali amalga oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda, – dedi Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Olim Nazarov.
Tadbir yakunida OAV vakillari hamda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, sohani rivojlantirish va qonuniy faoliyat uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA