Yoshlarda soliq savodxonligini oshirish – kelajakka qo‘yilgan muhim qadam
Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish doirasida Xorazm viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi Urganch shahridagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi soliq sohasida kengaytirilgan ta’lim beriladigan ta’lim muassasasi sifatida belgilangan.
Shu munosabat bilan Xorazm viloyat soliq boshqarmasi hamkorligida mazkur maktab o‘quvchilari ishtirokida ularning soliq sohasidagi bilim va tushunchalarini boyitishga qaratilgan ma’rifiy muloqot tashkil etildi.

Muloqot davomida o‘quvchilarga soliqlarning davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishdagi o‘rni, ular hisobidan ta’lim, tibbiyot, obodonlashtirish, ijtimoiy himoya va boshqa muhim sohalar moliyalashtirilishi haqida sodda va tushunarli tarzda ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, soliq, soliq to‘lovchi, soliq turlari, soliq majburiyati, davlat byudjeti kabi muhim tushunchalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Soliqlarni o‘z vaqtida va qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lash har bir fuqaroning muhim majburiyatlaridan biri ekani, bu orqali mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligiga munosib hissa qo‘shilishi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida yoshlarning soliq savodxonligini oshirish, ularda iqtisodiy bilim va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarni maktabda muntazam o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri