Qashqadaryoda paxta yig‘im-terimi boshlandi
Qashqadaryo viloyatida paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlandi. Mavsum oldidan viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi mas’ullar Qarshi shahridagi “Xo‘jai Jarroh” qadamjosida bo‘lib, jonliq so‘yilib, tilovat qilindi. Yig‘im-terim mavsumini barakali va betalafot o‘tkazish, shuningdek, 2027-yil hosili uchun boshoqli don ekish ishlarini xayrli boshlash niyat qilindi.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 6 ming 111 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 129 ming 300 gektardan ortiq maydonda g‘o‘za parvarishlandi. Shundan 39 ming 123 gektari zamonaviy Shinjon texnologiyasi asosida ekilgan.

Mavsumda yetishtirilgan 614 ming tonna paxta xom ashyosini nest-nobud qilmay yig‘ib olish maqsadida 18 ta paxta-to‘qimachilik klasteri va ularga qarashli 65 ta qabul maskani tayyor holatga keltirildi. Fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers va forvard shartnomalari ham to‘liq imzolangan.

Hosilni qisqa muddatda yig‘ib-terib olish uchun 288 dona zamonaviy paxta terish mashinasidan foydalanish rejalashtirilgan. Ayni paytda texnikalarning mavsumga shayligi tekshirilib, diagnostika-rostlash va servis xizmatlari yakunlanmoqda.

Mashinalardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida operatorlar uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Natijada 500 nafardan ortiq operator-haydovchiga malaka sertifikatlari topshirildi.

Mazkur chora-tadbirlar paxta hosilini qisqa muddatda, texnik uzilishlarsiz va betalafot yig‘ib olishga qaratilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri