Uchta muhim tashabbus davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida qo‘llab-quvvatlandi
Har bir muammo muloqot orqali aniqlanadi. Shuning uchun ham jamoatchilik fikri boshqaruvning barcha bo‘g‘inlarida muhim sanaladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi qaroriga muvofiq, aholining turli qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uchta tashabbusli loyiha davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida moliyalashtirildi.
1) “SOS” O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasiga 204,6 million so‘m davlat ijtimoiy buyurtmasi ajratildi. Loyiha doirasida tutingan (foster) oilalarga hamrohlik qilish sifati oshirilib, bolalarning farovonligini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
2) Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markaziga 254,9 million so‘m davlat ijtimoiy buyurtmasi ajratildi. Loyihaning asosiy maqsadi — boshlang‘ich sinf surdopedagoglari uchun zamonaviy o‘quv-metodik dasturlarni ishlab chiqish, ularning kasbiy malakasini oshirish va professional muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish.
3) “Umid kuchi” ijtimoiy markaziga esa 488 million so‘m davlat ijtimoiy buyurtmasi ajratildi. Loyiha Yakkasaroy va Olmazor tumanlarida amalga oshiriladi. Uning maqsadi keksa yoshdagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini va mustaqil hayot kechirish qobiliyatini oshirish, shuningdek, Demensiya, Alsgeymer, Parkinson kabi neyrodegenerativ kasalliklarning ta’sirini profilaktik mashg‘ulotlar orqali kamaytirishdan iborat.
Ta’kidlash lozimki, ushbu loyihalar ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda inklyuziv va samarali ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA