Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatining muhim natijalari e’lon qilindi
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi matbuot kotibi Dilrabo Kuryazova ishtirokidagi brifingda inspeksiya tomonidan sohani tartibga solish, raqamlashtirish va yashirin aylanmaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2024-yil 3-iyundagi farmoniga asosan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida tashkil etilgan mazkur inspeksiya etil spirti, alkogol, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va alkogolning ulgurji savdosiga litsenziya berish hamda nazorat tadbirlarini amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda sohada jami 12 694 ta sub’ekt faoliyat yuritmoqda. Ulardan 2 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 36 tasi alkogol, 17 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqarish bilan band bo‘lsa, 345 ta korxona ulgurji va 12 288 tasi chakana savdo bilan shug‘ullanmoqda.
Hisobot davrida litsenziyalashga oid 267 ta murojaat ko‘rib chiqilib, yangi kirib kelgan 9 ta alkogol, 2 ta tamaki ishlab chiqaruvchi hamda 44 ta ulgurji korxonaga litsenziya berildi, 46 ta yangi omborxonaga ruxsatnoma rasmiylashtirildi. Monitoring natijasida 31,3 milliard so‘mlik litsenziya to‘lovlari undirildi hamda ishlab chiqarish liniyalaridagi elektron hisoblagichlarning 2 564 tasi muhrlandi.
Sohaga yangi axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida barcha sub’ektlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning elektron reyestri shakllantirildi va mahsulotlar aylanmasini nazorat qiluvchi “ISAT” elektron axborot tizimi yaratildi. Mazkur tizim xom ashyo sarfi, raqamli markirovkalash, litsenziya talablari va spirt tashuvchi transport vositalari harakatini avtomatik tahlil qilib, xavflarni aniqlaydi. Unga adliya, soliq, bojxona, kadastr va boshqa tegishli idoralarning tizimlari, videokuzatuv uskunalari hamda “GPS Tracker” qurilmalari integratsiya qilingan.
Muhim yangiliklardan biri, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi majlisining bayoniga asosan “ISAT” axborot tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini ishga tushirish uchun 6,45 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Yashirin aylanmalarga qarshi kurashish yo‘nalishida Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 067 ta noqonuniy faoliyatga barham berildi. Iste’molga yaroqsiz va inson sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan 76 milliard so‘mlik alkogol hamda 89 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari muomaladan olindi. Litsenziya talablari yuzasidan 29 ta korxonada tekshirishlar o‘tkazildi.
Aholi va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida 1 506 ta targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Shuningdek, sohadagi qonunbuzilish holatlari haqida tezkor xabar berish maqsadida inspeksiyaning 71-202-86-90 raqamli "Ishonch telefoni" faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Dilrabo Kuryazovaning ta’kidlashicha, Inspeksiya tomonidan sohani tartibga solish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga huquqiy yordam ko‘rsatish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga doir vazifalar izchil davom ettiriladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA