Shuhrat Oripov O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi etib saylandi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining VII konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Uyushmaning 2021-2025-yillardagi faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar, amalga oshirilgan loyihalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Uyushma Taftish komissiyasining hisoboti tinglandi.
Konferensiyada O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Boshqaruvi a’zolari, Taftish komissiyasining yangi tarkibi saylandi. Uyushma ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, Uyushmaning yangi tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
[gallery-30087]
Shuningdek, konferensiya ishida 2026-2030-yillarda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasini yangilash konsepsiyasi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Mazkur konsepsiya jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy media muhitida jurnalistikaning nufuzini oshirish va Uyushma faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Tadbir doirasida mamlakat media makonidagi dolzarb masalalar, sohada olib borilayotgan islohotlar, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijodkorlar faoliyati uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ommaviy axborot vositalarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiyada tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shuhrat Oripov O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi etib saylandi. Delegatlar Dilshod Bo‘riyev va Shahribonu Imomovani Uyushma raisining o‘rinbosarlari etib tasdiqladi.
N.Usmonova,
A.Alijonov(suratlar), O‘zA