Shaxmat: O‘zbekistonning maktab o‘quvchilar jamoasi qit’ada tengsiz
Qozog‘istonning Olmaota shahrida shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatiga yo‘llanma taqdim etadigan Osiyo saralashida o‘zbekistonlik yoshlar jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
19 davlatning 26 ta maktab jamoalari qatorida O‘zbekistonning ikki jamoasi – “WISDOM SCHOOL” hamda “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” shaxmatchi yoshlari 8 ta turdan iborat musobaqalarda g‘oliblik yo‘lida kurash olib bordi.
Ma’lumot uchun, “WISDOM SCHOOL” jamoasi milliy saralash musobaqasi g‘olibi sifatida qiit’a chempionatiga yo‘llanma olgan bo‘lsa, “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” jamoasi FIDE komissiyasi qaroriga muvofiq nomzod jamoa sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan.

Mamlakatimizning yosh va iqtidorli shaxmatchilari Abdumajid Botiraliyev, Oriyat Obidjonov, Biloliddin Obidov va Alisher Abduqayumovdan tashkil topgan “WISDOM SCHOOL” jamoasi o‘tkazilgan deyarli barcha o‘yinlarda raqiblaridan ustunlikka erishdi.
Hamyurtlarimiz o‘tkazilgan 8 ta turda umumiy hisobda 228 ochko jamg‘ardi va Osiyo chempionligini tantana qildi.
Keyingi pog‘onalarni Rossiya, Hindiston va Qozog‘iston maktab jamoalari band etgan bo‘lsa, mamlakatimizning “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” shaxmatchi yoshlar jamoasi 8 ta o‘yindan 54 ochko jamg‘arib, 23 pog‘onadan joy oldi.

“WISDOM SCHOOL” shaxmatchilari dastlabki turda Qirg‘izistonning “SCHOOL NO. 70” jamoasini 3,5:0,5, keyingi turlarda Bahraynning “SPSC MALIBAGH” jamoasini 3:1, Yangi Zelandiyaning “ACG SUNDERLAND” shaxmatchilarini 3:1, Rossiyaning “KURCHATOV SCHOOL” jamoasini 2,5:1,5, Qozog‘istonning “SEED UNIKER SCHOOL” vakillarini 3,5:1,5, Hindistonning “VELAMMAL MHS SCHOOL” shaxmatchilarini 3:1, Xitoyning “BASHU SECONDARY SCHOOL” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi.
Bugun, 10-aprel kuni o‘tkazilgan so‘nggi 8-tur musobaqasida “WISDOM SCHOOL” jamoamiz Olmaotaning “RPMS ALMATY” jamoasidagi tengdoshlaridan 4:0 ko‘rinishida ustunlikka erishib, chempionlikni tantana qildi.
Endi Abdumajid Botiraliyev, Oriyat Obidjonov, Biloliddin Obidov va Alisher Abduqayumovdan iborat “WISDOM SCHOOL” jamoasi joriy yilning dekabr oyida maktab o‘quvchilari jamoalari o‘rtasida Afrika, Amerika, Yevropa va Osiyoning 4 ta jamoasi ishtirokida o‘tadigan jahon chempionati final musobaqasida nafaqat O‘zbekiston, balki qit’a sharafini himoya qiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA