Jizzaxda chempionlar saralanmoqda
“Prezident Olimpiadasi” yoshlar orzusiga qanot bag‘ishlayapti
Jizzax viloyatida “Yangi O‘zbekiston — Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari doirasida o‘tkazilayotgan “Prezident Olimpiadasi” ning II bosqichi — “Hokim Olimpiadasi” bahslari yosh sportchilarning iqtidori, irodasi va g‘alabaga chanqoqligini yana bir bor namoyon etdi. Viloyatning shahar va tumanlaridan saralab olingan o‘g‘il-qizlar bir necha sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, kelajak chempionlari aynan mahalla va hududlardan yetishib chiqishini amalda isbotlashmoqda.

Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni katta sportga yo‘naltirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllantirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yilda qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarini tashkil etishga doir qarori asosida uch bosqichli musobaqalar tizimi joriy etildi. Unga muvofiq, tuman va shahar bosqichlarida saralangan yoshlar viloyat bosqichida bellashib, eng kuchli sportchilar respublika finali — “Prezident Olimpiadasi” yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Jizzax shahridagi “Kiber arena” sport majmuasi va Olimpiya hamda paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazilgan musobaqalar ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasiga aylandi. Qilichbozlik bo‘yicha bahslar ayniqsa murosasiz kechdi.

Sablya yo‘nalishida yosh sportchilar nafaqat texnik mahorati, balki matonati va irodasini ham namoyon etishdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida Ro‘zimurod Shakarov chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Nuriddin Toshpo‘latov ikkinchi, Bekjahon Jo‘rayev hamda Abdulla Saydiyevlar uchinchi o‘rinni egallashdi. Qizlar bahsida esa Mohinur Qarshiboyeva g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Shuningdek, Bonu Yaxshilikova, Intizor Abdumalikova va Lobar Karimovalar ham sovrindorlar safidan joy olishdi.

Boks musobaqalari esa haqiqiy iroda va jasorat maydoniga aylandi. O‘nta vazn toifasida kechgan final janglarida yosh charm qo‘lqop ustalari g‘alaba uchun shiddatli kurash olib borishdi. Har bir uchrashuvda sportchilarning puxta tayyorgarligi, jangovar ruhi va yuqori mahorati yaqqol ko‘zga tashlandi. Og‘ir atletika va parapauerlifting bahslari ham sportsevarlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sakkizta vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirokchilar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib, yangi natijalar sari intilishdi. Bu musobaqalar nafaqat jismoniy kuch, balki sabr-toqat va qat’iyat sinovi bo‘ldi.

Stol tennisi musobaqalarida ham raqobat yuqori darajada kechdi. Chaqqonlik, tezkor fikrlash va aniq hisob-kitob talab etadigan bahslarda yosh sportchilar o‘z iqtidorlarini namoyon etib, kelajakda katta arenalarda yurtimiz sharafini himoya qilishga munosib ekanliklarini ko‘rsatishdi. Musobaqalarning ochilish va taqdirlash marosimlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazira Muxtorova, viloyat hokimi o‘rinbosari Gulnora Normurodova, sport federatsiyalari va soha mutasaddilari ishtirok etishib, yoshlarga omad va zafarlar tilashdi. Ular mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida har bir hududda yangi iqtidorlar kamol topayotganini alohida ta’kidladilar.

Abdujalol Qayumov, O‘zA