«Pro Tour» turnirining dastlabki kun bahslari qizg‘in kurashlar ostida o‘tdi
Poytaxtimizda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan an’anaviy jamoaviy «Pro Tour» xalqaro turnirining dastlabki kun uchrashuvlari yakunlandi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Xorvatiya va Qirg‘iziston vakillari ishtirok etib, guruh bosqichining ilk bahslarida pley-off yo‘llanmalari uchun kurashni boshlab yubordi.
Turnirning tantanali ochilish marosimidan so‘ng stol tennisi ixlosmandlari bir qator qiziqarli va keskin uchrashuvlarga guvoh bo‘ldi. Bu yilgi musobaqa ishtirokchilar tarkibi va xalqaro darajadagi yulduz sportchilarning qatnashayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, musobaqada Xalqaro stol tennis federatsiyasi (ITTF) reytingida dunyoning kuchli 30 nafar sportchisi qatoridan joy olgan, Xorvatiya terma jamoasi yetakchisi Tomislav Pucar, Rossiyaning ikkinchi raqamli raketkachisi Vlada Voronina hamda Rossiya TOP-10 taligidan o‘rin olgan tajribali tennischi Vladislav Makarov kabi mahoratli sportchilar ishtirok etmo qda. Bosh sovrin uchun kurash olib borayotgan jamoalar safida ham kuchli tarkib jamlangan.
Dastlabki kunning markaziy uchrashuvlaridan biri O‘zbekiston vakili Maftuna Gulimova hamda Qirg‘iziston sportchisi Saida Udusova o‘rtasida kechdi. Uchrashuv davomida har ikki sportchi yuqori mahorat va kuchli iroda namoyish etdi. Stol atrofida kechgan murakkab taktik kurashda Maftuna Gulimova ustunlikni qo‘lga kiritib, mezbonlar jamoasi hisobiga muhim ochko keltirdi.
Musobaqaning ilk kunida turli stol tennisi maktablariga mansub sportchilarning uslublari ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Yevropa vakillari o‘zlariga xos vazmin va himoyaviy o‘yin orqali natija qozonishga intilgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo sportchilari tezkorlik, agressiv hujumlar va yuqori tempdagi o‘yin bilan ajralib turdi. Bu esa har bir uchrashuvning murosasiz va tomoshabop ruhda kechishiga xizmat qildi.
Shuningdek, murabbiylar shtabi tomonidan taym-autlar vaqtida berilgan tavsiyalar va uchrashuv davomida amalga oshirilgan taktik o‘zgarishlar ko‘plab bahslar taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Ayrim uchrashuvlarda aynan murabbiylarning to‘g‘ri qarorlari jamoalarga muhim ochkolarni qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Mutaxassislar fikricha, Toshkentda o‘tayotgan «Pro Tour» xalqaro turniri nafaqat kuchli sportchilar o‘rtasidagi raqobat maydoni, balki mahalliy tennischilar uchun katta tajriba maktabi ham hisoblanadi.
[gallery-29708]
Ayni paytda guruh bosqichi bahslari davom etmoqda. Dastlabki kun natijalari jamoalar o‘rtasidagi raqobat nihoyatda keskin bo‘lishini ko‘rsatdi. Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoalar nomi yaqin kunlarda rasman ma’lum qilinadi. Turnirning keyingi uchrashuvlarida esa muxlislarni yanada qiziqarli va murosasiz bahslar kutib turibdi.
Kamola YUSUPOVA, O‘zA