To‘raqo‘rg‘onda o‘tgan “Do‘stlik” turniri
Namangan viloyatining To‘raqurg‘on tumanida ilk bor belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida "Do‘stlik" xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
65- xalqaro gullar festivali doirasida tashkil etilgan "Do‘stlik" xalqaro turnirda Rossiya, Hindiston hamda mamlakatimizning eng nomdor polvonlari ishtirok etdi.

Xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bozorov, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimi, viloyat belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Sherali Qosimov, Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov va boshqalar turnirning ahamiyati haqida to‘xtalib, yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalari do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotganligini ta’kidlashdi.

Shiddatli kurashlarda har bir vazn toifasida sovrindorlar safidan joy olish sportchilar uchun oson kechmadi. Bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni, Rossiya terma jamoasi ikkinchi, hindistonliklar esa uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA