Samarqand turizmi uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda
Bugun Samarqand nafaqat tarix va madaniyat markazi, balki turizm, xizmat va investitsiya jadal rivojlanayotgan hudud sifatida mamlakat iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin egallamoqda.
Samarqand — turizmda yangi imkoniyatlar maydoni
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Samarqand viloyatida turizm sohasi sezilarli sur’atda o‘sdi. Bu borada sayyohlik salohiyati bilan birga tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay muhit, infratuzilma yangilanishi va davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar muhim omildir.
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ayni jarayonda alohida o‘rin tutadi. 2021-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan bunday muloqotlar tadbirkorlarni tinglash barobarida muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlar ishlab chiqish imkonini bermoqda. Xususan yer ajratish, soliq va bojxona imtiyozi, kredit ajratish, infratuzilmani yaxshilash yo‘lidagi o‘zgarishlar shunday yondashuvning amaliy natijasidir.
Raqamlar ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘lamini ko‘rsatib turibdi. 2025-yil O‘zbekistonga 11,7 million xorijiy sayyoh kelgan. Joriy yilning dastlabki besh oyidayoq mamlakatimiz 5,3 million nafar chet ellikni qabul qildi. Birinchi chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro turizm eng tez o‘sib borayotgan besh davlat safida e’tirof etildi.
Bu natijada Samarqandning hissasi alohida. 2026-yilning dastlabki besh kunidayoq viloyatni qariyb 195 000 – 145 000 ichki, 50 000 xorijiy turist ziyorat qilgan. Yanvar-aprel oylarida esa yurtimizga sayyohlik maqsadida 4 048 417 chet el fuqarosi tashrif buyurgan. Shu tariqa ayni ko‘rsatkich 27,3 foiz o‘sgan.
Yer — turizm uchun yangi resurs
Turizm infratuzilmasini kengaytirishda eng muhim masalalardan biri – yerdan samarali foydalanish. 2025-yilgi ochiq muloqotda kelgusi uch yil davomida mehmonxona va sayyohlik majmualari barpo etish uchun 5 000 gektar maydonni auksionga chiqarish vazifasi belgilangan edi.
Samarqand viloyatida shu imkoniyat amaliyotga tatbiq etilmoqda. Jumladan Samarqand tumanidagi “Ohalik – Oq bo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi infratuzilmasini rivojlantirish uchun 14,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunday loyihalar hududlarni faqat sayyohlar tashrif buyuradigan maskan emas, balki tadbirkorlik uchun yangi iqtisodiy maydonga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Soliq imtiyozi — biznes uchun yengillik
Ma’lumki, yangi loyiha boshlash yoki mavjud biznesni kengaytirishda xarajat muhim omil hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan soliq va bojxona sohasidagi imtiyoz tadbirkor uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
2026-yil 1-iyundan turizm sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Yangi qoidaga ko‘ra, mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, gidlik va boshqa xizmatlar bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor 6 foizlik stavkada qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashni ixtiyoriy ravishda tanlashi mumkin.
Samarqand uchun yana bir muhim yengillik mehmonxona biznesi va turistik infratuzilma uchun zarur uskuna olib kirish bilan bog‘liq. 4 yulduzli va yanada yuqori toifali mehmonxona uchun zarur mahsulot olib kirishda bojxona bojidan ozod etish, shuningdek shahar sayyohlik markazi qurilishi uchun keltiriladigan uskunaga nisbatan ayrim boj to‘lovini bekor qilish sohadagi investitsiya loyihalariga qo‘shimcha rag‘bat berdi.
Xizmatni diversifikatsiya qilishga qaratilgan yengilliklar ham bisyor. Xususan, ayrim hududlarda mehmonxona uchun turistik yig‘im bo‘yicha cheklov yumshatildi. Oilaviy mehmon uylarida kunlik qabul qilinadigan sayyohlar soni esa 10 kishidan 20 nafarga oshirildi.
Kredit – yangi loyihalar uchun tayanch
Turizmni faqat sayyoh oqimini tezlashtirish bilan rivojlantirib bo‘lmaydi. Ya’ni, mehmonxona, restoran, dam olish maskani, turistik qishloq va boshqa xizmat ob’ektlari uchun sarmoya zarur. Shu bois moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini kengaytirish sohadagi eng muhim o‘zgarishlardan biridir.
2026-2028-yillari tijorat banklari tomonidan mehmonxona qurish uchun tadbirkorlarga 7 yilgacha muddatli imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan. Bu yil Samarqand viloyati turizmini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Umuman, viloyatda sohaga 600 million dollar sarmoya jalb qilinib, 850 mehmonxonani rivojlantirish rejalashtirilgan.
Viloyat markazlari va turizmga ixtisoslashgan 36 tumanda tadbirkorlar 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit olishi mumkin. 2026-2027-yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 270 trillion so‘m yo‘naltirilishi ham yangi loyihalar uchun moliyaviy imkoniyatni kengaytiradi.
Xorijiy sayyoh — yangi iqtisodiy imkoniyat
Turizmda raqobat endi faqat sayyohni jalb qilish emas, mamlakatda uzoqroq ushlab qolish va mehmonlar ko‘proq xizmatdan foydalanishini ta’minlash bilan belgilanmoqda. Shu maqsadda 2026-yil aprelidan turoperatorlar jalb qilgan har 1000 nafar xorijiy sayyoh uchun 5000 dollargacha subsidiya berish mexanizmi joriy etildi. Bundan tashqari turoperatorlar to‘lagan QQS yarmini keshbek sifatida qaytarish imkoni ham yaratildi.
Ayni mexanizm Samarqand kabi xalqaro turizmda brendiga ega shaharlar uchun ayniqsa muhim. Zero, xorijiy sayyohlar oqimi tezlashishi mehmonxona va turoperatorlardan tortib, transport, umumiy ovqatlanish, hunarmandlik va boshqa xizmatlar bozorigacha bo‘lgan keng zanjirda iqtisodiy faollikni oshiradi. Samarqanddagi o‘zgarishlar esa jarayonning keyingi bosqichi uchun poydevor yaratmoqda. Demak, endi sayyohlar sonini ko‘paytirish yetarli emas – asosiy vazifa ular uchun yangi yo‘nalish, sifatli xizmat va ko‘proq qolish imkonini yaratish.
Infratuzilma bor joyda turizm o‘sadi
Turist uchun tarixiy obida qanchalik muhim bo‘lmasin, uning sayohatdan olgan taassuroti ko‘p jihatdan infratuzilma va xizmat sifatiga bog‘liq. Shu bois Samarqandda turizmni rivojlantirish siyosati yangi mehmonxona qurish yoki sayyoh oqimini jadallashtirish bilan cheklanmayapti. Shahar va viloyatda sayyohning kelishidan ketishigacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan yaxlit muhit yaratilmoqda.
Bu borada “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi alohida ahamiyatga ega. Majmua Markaziy Osiyodagi yirik turistik manzillardan biri sifatida ko‘hna kentning xalqaro turizm xaritasidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Hudud o‘rtasida joylashgan 11 gektarlik “Abadiy shahar” esa Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab shakllangan qadimiy shaharlar muhitini zamonaviy sayyohlik formatida namoyon etadi.
Samarqandning tarixiy qismidagi 13 ko‘cha piyodalar hududiga aylantirilishi ham turistik muhitni yaxshilashga qaratilgan. Nurobod tumanida 470 gektar maydonda “Nurbuloq” sanatoriy-kurort shahri tashkil etish rejasi esa viloyat turizmini tarixiy-ziyorat yo‘nalishidan sog‘lomlashtirish va rekreatsiya formatgacha kengaytirish imkonini beradi.
Turizm – shahar markazidan tashqariga chiqmoqda
Samarqand turizmining keyingi o‘sish nuqtasi yangi hududlarni turistik iqtisodiyotga jalb qilishdir. Buning uchun faqat markazdagi mashhur manzillar emas, balki mahalla, qishloq va tabiiy hududlarni ham yaxlit yo‘nalishga kiritish zarur.
Rejaga ko‘ra, Samarqandda turizm maskani sifatida belgilangan mahallalar soni 239 taga, turistik faoliyatga jalb etiladigan uy xo‘jaliklari 1144 taga yetkaziladi. 104 oilaviy mehmon uyi va 105 umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bu raqamlar ortida yana bir muhim maqsad bor: turizmdan keladigan daromadni aholiga yaqinlashtirish. Ya’ni, sayyoh faqat mehmonxona yoki yirik majmua emas, mahalliy oilaviy mehmon uyida tunab, hunarmandlik mahsuloti xarid qilib, mahalliy taom tatib ko‘rib, qishloq turizmi xizmatidan foydalanishi lozim. Shunda turizm bir necha yirik ob’ekt emas, butun hudud iqtisodiyoti drayveriga aylanadi.
Samarqand oldidagi yangi maqsad
Viloyatning “Samarqand-2030” strategiyasi ham aynan shu yondashuvga asoslangan. Rejaga ko‘ra, besh yil ichida viloyat iqtisodiyotini ikki barobar – 20,5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Ayni jarayonda turizm, xizmat eksporti va raqamli iqtisodiyot asosiy o‘sish nuqtalari sifatida belgilangan.
Strategiyada xorijiy sayyohlar sonini 7 million nafarga yetkazish, ularning viloyatda qolish muddatini o‘rtacha 4 kun uzaytirish va turizm eksportini 1,5 milliard dollarga ko‘tarish vazifasi qo‘yilgan. Bu maqsadlar sohaga munosabatdagi muhim o‘zgarishni anglatadi. Endi gap faqat “Qancha sayyoh keldi?” degan savolda emas. Asosiy mezon – “Sayyoh necha kun qoldi, qaysi xizmatlardan foydalandi va mahalliy iqtisodiyotga nechog‘li qiymat olib kirdi” mazmunida baholanadi.
Raqam ortidagi iqtisodiy samara
Samarqandning bu boradagi salohiyati raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda. 2022-yil viloyatga 1 204 000 xorijiy, 4 247 000 mahalliy sayyoh kelgan. Turistlar qolishi muddatini uzaytirish ham samara bermoqda. 2023-yil bir kunlik qo‘shimcha qolish hisobiga xizmat eksporti 14 million dollar oshgan. Kelgusi yillarda ham o‘sish davom etishi kutilyapti. Taxminga ko‘ra, 2025-yil 527,6 million dollarni tashkil qilgan turizm xizmati qiymati 2026-yil 632,2 million dollar, 2027-yilga borib esa 745,9 million dollarga yetadi.
Sohada bandlikni oshirish ham ustuvor vazifa. Turizmda ishlovchilar sonini 7189, joylashtirish vositalarini 681, o‘rin sonini 18 869, turoperatorlarni 250, turistik qishloqlar sonini esa 18 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Samarqandga kirish eshigi yanada kengaymoqda
Turizmni rivojlantirishda transport qatnovi hal qiluvchi omillardan biri. Shu nuqtai nazardan Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatidan yanada samarali foydalanish rejalashtirilgan.
Xususan, haftalik aviareyslarni 55 tadan 120 taga yetkazish maqsad qilingan. Bu nafaqat xorijiy sayyohlar uchun Samarqandga yetib kelish imkonini kengaytiradi, balki shaharni mintaqaviy turizm markazi sifatida yanada mustahkamlaydi. Zamonaviy turizmda tarixiy merosning o‘zi yetarli emas. Sayyoh uchun yo‘l, mehmonxona, ovqatlanish, ko‘ngil ochar xizmat, raqamli qulaylik va xavfsiz muhit bir butun mahsulot sifatida namoyon bo‘lishi kerak.
Ochiq muloqotning asosiy qiymati natijada
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ana shu jarayonda muhim bir vazifani bajarmoqda: sohadagi muammoni aniqlashdan yechimgacha bo‘lgan jarayonda tadbirkorning ovozi eshitilmoqda. Yer ajratish, imtiyozli kredit, soliq yengilligi, bojxona tartibi soddalashtirilishi, xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun subsidiya – bularning har biri alohida chora. Binobarin, shu shartlar bir tizimga birlashtirilgandagina barqaror iqtisodiy natijaga erishiladi.
Samarqand misolida bu jarayon yaqqol ko‘rinadi. Tarixiy meros turistni jalb qilyapti, yangi infratuzilma mehmonning qolish muddatini uzaytirmoqda, tadbirkor uchun yaratilgan sharoit esa oqimni iqtisodiy qiymatga aylantirayotir.
Shu ma’noda Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan ochiq muloqotni faqat tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuv sifatida baholash o‘rinli emas. Bu – turizmni yangi bosqichga olib chiqish, xususiy tashabbusni rag‘batlantirish va hudud salohiyatini iqtisodiy o‘sish manbaiga aylantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab beradigan muhim maydon.
Shahar oldidagi vazifa endi sayyohlar sonini oshirishdan ko‘ra muhimroq. Asosiy maqsad – tarixiy va madaniy boyliklarni zamonaviy xizmat, investitsiya va innovatsiya bilan uyg‘unlashtirib, yuqori daromadli, eksportbop va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish.
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti sifatida biz bu jarayonning ta’lim va ilmiy tadqiqot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘ramiz. Kelajak turizmi faqat yangi mehmonxona yoki yo‘nalish emas, balki malakali kadr, zamonaviy boshqaruv, ilmiy yondashuv va xalqaro hamkorlikni ham taqozo etadi.
Samarqandning keyingi qiyofasi ayni omillarga bog‘liq. Ochiq muloqot esa bu o‘zgarishlar uchun tadbirkorlik tashabbusi, davlat siyosati va amaliy yechim bir nuqtada uchrashadigan maydon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Muhsinjon Xolmuhamedov,
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros
xalqaro universiteti rektori,
iqtisodiy tahlilchi