Raqamli xavflarga qarshi kurashda yangi hamkorlik nima beradi?
Raqamli hayotimiz tobora kengayib borayotgan bir paytda kiberxavfsizlik masalasi ham dolzarblashmoqda.
Davlat tizimi va muhim infratuzilmalarni raqamli tahdidlardan qanday himoya qilish mumkin? Bu borada xalqaro tajriba va zamonaviy texnologiyalardan qanday foydalaniladi?
Aynan shu masalalar Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Group-IB” kompaniyasi o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov Group-IB kompaniyasining Yaqin Sharq, Afrika, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh menejeri Konstantin Chigirev bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiya va xalqaro tajribalarni joriy etish, shuningdek, raqamli xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Xususan, raqamli xavflar haqida ma’lumot va tajriba almashish, raqamli kriminalistika hamda zamonaviy tahlil usullarini rivojlantirish, davlat va muhim infratuzilma ob’ektlarida axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Hamkorlik faqat texnologiya bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. AT sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida qo‘shma ta’lim dasturlari, treninglar va amaliyotlarni tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Group-IB o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat raqamli xavflarga qarshi kurashish, axborot xavfsizligini mustahkamlash, zamonaviy tahlil usullarini joriy etish va sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlarni belgilab beradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA