Diyqan arnada asalarichilik rivojlanmoqda (+video)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanidagi «Diyqan arna mahalla» fuqarolar yig‘inida asalarichilik nafaqat daromad manbai, balki xonadonlar farovonligini ta’minlaydigan, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilayotgan istiqbolli yo‘nalishga aylangan.
Mahallada “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida asalarichilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda 20 dan ortiq xonadonda asalari parvarishlanadi. Mehnatkash xonadon egalari bir mavsumda 50-100 ta asalari qutisidan 1 tonnagacha asal olib, 50-100 million so‘mgacha daromad topmoqda.
Bu yerda yetishtirilayotgan mahsulotning yana bir o‘ziga xos jihati bor. Diyqan arnaning tabiiy muhitida olinayotgan asal – cho‘l asali. Tabiat ne’matlari bilan uyg‘unlashgan bu mahsulot o‘zining xushta’mligi va shifobaxsh xususiyatlari bilan qadrlanadi.
Mahallada asalarichilikning keng quloch yoyishida tajribali asalarichi Baxtiyor Jubayevning hissasi katta. U nafaqat asal yetishtirish, balki soha uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga ham e’tibor qaratgan. Xususan, asalni qayta ishlash sexi hamda asalari qutilarini tayyorlash ustaxonasi yo‘lga qo‘yilgan.
Mavsumda sexda 2 tonnagacha asal qabul qilinib, qayta ishlanadi va sotuvga chiqariladi. Bu faoliyat yiliga qariyb 200 million so‘m daromad keltirmoqda. Ustaxonada esa bir yilda 250 tadan ortiq asalari qutisi tayyorlanib, boshqa asalarichilarga yetkazib berilmoqda.
Muhimi, bu tashabbus bir xo‘jalik doirasida qolib ketmagan. Asalarichilar uyushmasi tomonidan yil yakuniga qadar yana 100 ta xonadonda kooperatsiya usulida asalari boqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Demak, bugungi mehnat ertangi yangi imkoniyatlar uchun zamin yaratmoqda.
[gallery-31678]
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Baxtiyor Jubayevning kooperatsiya asosida faoliyatni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, farovonlikni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tashabbuskorligi, yoshlarni Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va shijoat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari munosib e’tirof etildi. U “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Bu mukofot – bir insonning mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘lish bilan birga, mahallada tadbirkorlik va halol mehnat orqali farovon hayot barpo etayotgan insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborning ham ifodasidir.
Diyqan arnada har bir asalari qutisi ortida bir oilaning mehnati, bir xonadoning umidi va kelajakka ishonchi bor. Asalarilarning betinim g‘uvillashi esa bu yerda mehnat jarayoni to‘xtamaganidan, yangi tashabbuslar va yangi imkoniyatlar sari harakat davom etayotganidan darak beradi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA