Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda sil va OIV epidemiyalarining o‘zaro bog‘liqligi
Toshkent shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi va «Chegarasiz shifokorlar» («Médecins Sans Frontières») tashkiloti tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda sil va OIV epidemiyalarining o‘zaro bog‘liqligi masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani va yuqori darajadagi muhokamalar tashkil etildi.
Tadbirda mintaqaning 11 ta mamlakatidan sil va OIV bo‘yicha milliy dasturlar rahbarlari, ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvdan asosiy maqsad – mintaqada sil va OIV xizmatlari integratsiyasini yaxshilash, JSST tomonidan tavsiya etilgan yangi vosita va yondashuvlarni joriy etishni jadallashtirish hamda mintaqaviy muvofiqlashtirishni yanada kuchaytirishdan iborat.
Ta’kidlanganidek, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi aholining zaif qatlamlari orasida to‘plangan OIV epidemiyasi bilan bir qatorda sil va ko‘p dorilarga chidamli silning qo‘shaloq yuki ostida qolyapti. Mintaqa dunyoda OITS bilan bog‘liq o‘lim holatlari ko‘payib borayotgan yagona hudud bo‘lib, 2030-yilga kelib OITSni jamoat salomatligiga tahdid sifatida tugatish maqsadidan uzoqlashmoqda, har yili OIV bilan yangi kasallanish holatlari ortiyapti.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida taxminan 204 ming kishi sil kasalligiga chalingan bo‘lsa, shundan 161 ming 600 ga yaqin holat aniqlangan, ya’ni sil kasalligiga chalingan har besh kishidan biri aniqlanmay qolgan. Dorilarga chidamli sil jamoat salomatligi va sog‘liqni saqlash xavfsizligi uchun o‘ta jiddiy tahdidligicha qolmoqda. Xususan, mintaqada yangi sil holatlarining taxminan 23 foizi va ilgari davolangan bemorlarning 51 foizi ko‘p dori vositalariga chidamli silga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkichlar JSSTning barcha mintaqalari orasida eng yuqori hisoblanadi.

Shuningdek, sil va OIV qo‘shma infeksiyasi ham jiddiy muammo bo‘lib, mintaqada har yili taxminan 29 ming yangi sil va OIV infeksiyasi holati qayd etiladi. Yangi sil holatlarining qariyb 13 foizida OIV infeksiyasi ham mavjud. Dorilarga chidamli sil yukining yuqoriligi chegaralararo uzluksiz davolanish va parvarish davomiyligini mintaqaviy sog‘liqni saqlash xavfsizligining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirmoqda.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan JSSTning Yevropa mintaqasi bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar va sog‘liqni saqlash xavfsizligi direktori, doktor Igor Perexinets dorilarga chidamli sil davlat chegaralarida to‘xtab qolmasligini ta’kidladi.
– Tuberkulyozni davolashni Toshkentda boshlagan bemor uni Olmaota yoki Varshavada ham yakunlay olishi kerak. Shu bois, mamlakatlarga davolanishning uzluksizligini ta’minlaydigan yanada samarali transchegaraviy mexanizmlar zarur, – dedi Igor Perexinets. – Hozirda sil va OIVning oldini olish, tashxislash va davolash uchun eng yaxshi vositalarga ega bo‘linsa-da, dori vositalariga chidamli silga chalingan har besh kishidan atigi ikkitasi o‘ziga zarur davolanishni olmoqda. Ushbu tafovutni bartaraf etish zarur.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi OIV bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi doktor Stela Bivolning ta’kidlashicha, infeksiya tarqalishi kamaymayotgan va o‘lim holatlari ortib borayotgan mintaqada samaradorligi isbotlangan chora-tadbirlarni kengaytirish muhim. Bu chora-tadbirlarga optimallashtirilgan testdan o‘tkazish, OIVning rivojlangan bosqichidagi bemorlar uchun kompleks xizmatlar hamda uzoq ta’sir qiluvchi OIVning oldini olish uchun kontaktgacha profilaktika kiritilgan.

Muhokamalarda OIVning oldini olish uchun kontaktgacha profilaktika bo‘yicha JSSTning eng so‘nggi tavsiyalarini joriy etish, OIV va sil bo‘yicha insonga yo‘naltirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish, ko‘p dorilarga chidamli silni davolashning xavfsizroq va qisqaroq rejimlarini kengroq qo‘llash, shuningdek, migratsiya qiluvchi shaxslar uchun transchegaraviy uzluksiz davolashni ta’minlash yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti, JSST va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari yangi yondashuvlarni joriy etishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, amaliy saboqlar va dasturiy tajriba bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, milliy dasturlarni JSSTning eng so‘nggi tavsiyalariga muvofiqlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA