Professor xonadonida kutubxona tashkil etildi
Kitob — inson tafakkurini charxlaydigan, qalbini ezgulikka yo‘g‘iradigan, hayotga teran nigoh bilan qarashga o‘rgatadigan bebaho boylik. Uning qadri faqat javonlarda saqlanishi bilan emas, balki nechta qalbdan joy olishi, qancha insonni yangi bilimlar sari yetaklashi bilan belgilanadi. Guliston tumanining Mevazor mahallasida Ravshanbek Mahmudov xonadonida tashkil etilgan kutubxona ana shu ezgu tashabbusning amaliy ifodasidir.
Bugun axborot oqimi tobora tezlashib, inson diqqatini turli vositalar o‘ziga tortayotgan bir davrda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga oshno etish va ma’naviy muhitni boyitish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu yo‘lda quruq da’vatlardan ko‘ra, shaxsiy namuna va amaliy tashabbus ko‘proq samara beradi. Ravshanbek Mahmudovning yillar davomida to‘plagan kitoblarini keng jamoatchilik bilan baham ko‘rishga qaror qilgani ham e’tiborga molik ana shunday tashabbuslardandir.

Guliston davlat universiteti professori, falsafa fanlari nomzodi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Ravshanbek Mahmudovning shaxsiy kutubxonasida qariyb o‘n mingta kitob jamlangan. Endi bu boylikdan mahalla ahli, talabalar, jurnalistlar va kitobga qiziquvchi boshqa insonlar ham bahramand bo‘lishlari mumkin.
Mazkur tashabbus zamirida Ravshanbek Mahmudov va uning turmush o‘rtog‘i, ko‘p yillardan buyon ta’lim sohasida faoliyat yuritib kelayotgan oliy toifali matematika o‘qituvchisi, «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni sohibi Zamiraxon Ismoilovaning kitobga muhabbati, ma’rifatga sadoqati va yillar davomida qalblarida asrab kelgan orzulari mujassam. Ayniqsa, Zamiraxon Ismoilovaning uy kutubxonasini tashkil etish haqidagi o‘n yillik orzusi ro‘yobga chiqqani bu ezgu ishga alohida mazmun bag‘ishlaydi.

— Bundan ancha yillar oldin, hali hovlili uyga ko‘chib o‘tmasdan, ko‘p qavatli uyda yashagan paytimizda ham xonamizdan birini kutubxonaga aylantirgan edik. O‘shandagi orzuimiz bugun amalga oshdi. Nihoyat, uy kutubxonamiz, nurxonamiz, ma’rifatxonamizni ochishga erishdik. Bu yerdagi kitoblar o‘tgan asrning 70-yillaridan buyon jamlanib kelinadi, — deydi Ravshanbek Mahmudov.

Darhaqiqat, bu kutubxonadagi har bir kitobning o‘z tarixi, o‘z qadri bor. Javonlardan joy olgan nashrlar yillar davomidagi mutolaa, izlanish va mehnat samarasidir. Bu yerda olimning ilmiy, badiiy va publitsistik asarlari, monografiyalari, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, tarixiy hamda falsafiy kitoblar jamlangan. Ravshanbek Mahmudovning 70 dan ortiq asari ham kutubxona boyligining salmoqli qismini tashkil etadi.

Alisher Navoiy asarlarining ko‘p jildli nashrlari, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari kulliyoti, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva va To‘ra Sulaymon kabi taniqli ijodkorlarning asarlari kitobxonlar uchun alohida ahamiyatga ega. Abdusid Ko‘chimov, Nurali Qobil, Xurshid Davron, Iqbol Mirzo va boshqa qalam ahllarining dastxat yozilgan kitoblari, shuningdek, sirdaryolik ijodkorlarning asarlari ham kutubxonadan munosib o‘rin olgan.

Ayniqsa, mualliflar dastxati bitilgan kitoblar e’tiborni tortadi. Ularda ijodkorlarning samimiy tilaklari bilan birga, adabiy do‘stlik, hamkorlik va ijodiy muloqotlar tarixi ham aks etgan. Olimning turli asarlarga yozgan taqrizlari, ilmiy izlanishlariga oid materiallar esa kutubxona mazmunini yanada boyitadi. Shu bois bu maskanni shunchaki kitoblar jamlanmasi emas, balki Ravshanbek Mahmudovning ko‘p yillik ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatini o‘zida mujassam etgan ma’naviy xazina deyish mumkin.
Ravshanbek Mahmudovning hayot yo‘li ilm-fan, ta’lim-tarbiya, jurnalistika va ma’rifat bilan uzviy bog‘liq. Ustoz mehnat faoliyatini Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida boshlab, talabalarga «Nutq o‘stirish» fanidan saboq bergan. Keyingi yillardagi ilmiy izlanishlari, pedagogik faoliyati va ijodiy mehnati davomida ko‘plab asarlar yaratdi, shogirdlar kamolotiga hissa qo‘shdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi Faxriylar kengashi raisi sifatida ham viloyatning ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.

Olimning shaxsiy kutubxonasini keng jamoatchilik uchun ochishi ana shu hayotiy e’tiqodining mantiqiy davomidir. Zero, kitobning qadri uni faqat asrab-avaylash bilangina emas, balki undagi bilim va ma’rifatni boshqalar bilan baham ko‘rish orqali ham ortadi.

— Ravshanbek Mahmudov nafaqat professor, balki kitobni sevuvchi, ma’rifatni qadrlaydigan inson. U kishining o‘zi istiqomat qilayotgan mahalla aholisi uchun shunday kutubxona tashkil etgani quvonarli. Endi mahalla ahli, domlaning shogirdlari, hamkasblari va keng jamoatchilik ushbu ziyo maskanidan bahramand bo‘ladi. Bu — kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim tashabbus, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Dilorom Ismadiyorova.
Mehnat faxriysi, shoir va yozuvchi Turg‘un Norqulov ham bunday tashabbuslarning ma’naviy ahamiyatiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, yillar davomida to‘plangan kitoblarni keng jamoatchilik ixtiyoriga taqdim etish yoshlarni mutolaaga oshno qilish, ularning bilimi va dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladi. Zero, ma’rifat maskanlari nafaqat kitob saqlanadigan joy, balki fikr almashiladigan, yangi g‘oyalar tug‘iladigan va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlik mustahkamlanadigan muhit hamdir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi, shoira va adiba Norinso Qosimova ham xonadondagi kitob boyligining xalq ixtiyoriga taqdim etilishi katta ma’no kasb etishini ta’kidlaydi. Uning qayd etishicha, Ravshanbek Mahmudov va Zamiraxon Ismoilovaning yillar davomida asrab-avaylab to‘plagan kitoblarini kitobxonlar ixtiyoriga berishi boshqalar uchun ham ibratli tashabbusdir. Bunday xayrli ishlar jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning adabiyotga qiziqishini kuchaytirish va ma’naviy muhitni boyitishga xizmat qiladi.

Kutubxonaning tashkil etilishida Zamiraxon Ismoilovaning hissasi ham beqiyos. Uch nafar qizini voyaga yetkazib, ularning ilm-fan yo‘lida kamol topishiga hissa qo‘shgan, oilada ta’lim va tarbiyaga alohida e’tibor qaratib kelayotgan ziyoli ona uchun bugungi voqea ko‘p yillik orzusining ushalishidir. Uning kitobga muhabbati va yosh avlod tarbiyasiga bo‘lgan e’tibori xonadondagi ma’rifat muhitining shakllanishida muhim o‘rin tutadi.

Endi Guliston tumanidagi Mevazor mahallasi aholisi, ayniqsa, yoshlar va o‘quvchilar uchun yangi imkoniyat eshigi ochildi. Guliston davlat universiteti talabalari, domlaning shogirdlari, jurnalist hamkasblari va kitobsevarlar bu yerdagi boy adabiy xazinadan foydalanishlari mumkin. Kutubxonaning keng jamoatchilik uchun ochiqligi shaxsiy tashabbusning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Zero, insonning ma’naviy boyligi u to‘plagan bilim, hayotiy tajriba va amalga oshirgan ezgu ishlari bilan qadrlidir. Ravshanbek Mahmudov va Zamiraxon Ismoilova xonadonida tashkil etilgan uy kutubxonasi ham ana shu tushunchaning yorqin ifodasidir. Qariyb o‘n mingta kitob jamlangan bu maskan endi yangi kitobxonlar, yangi izlanishlar va yangi orzularga yo‘l ochadi.
Kitobga ochilgan eshik — ma’rifatga ochilgan eshikdir. Bu xonadondagi ezgu tashabbusning eng katta yutug‘i ham shunda: yillar davomida oila boyligi bo‘lib kelgan kitoblar endi mahalla ahli va keng jamoatchilik uchun ham ma’naviy xazinaga aylanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri