Afshonada tarix va turizm uyg‘unligi
Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino tavallud topgan zaminda tarix, milliy qadriyat va zamonaviy turizm uyg‘unlashgan yangi maskan barpo etilmoqda. Buxoro viloyatining Peshku tumanida amalga oshirilayotgan “Afshona” etnoturizm shaharchasi nafaqat sayyohlarni jalb etadigan yangi manzil, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim loyihalardan biri bo‘ladi.
Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida turizm sohasini rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy xizmatlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning har bir hududida mavjud tarixiy obidalar, noyob madaniy meros va turistik salohiyatdan samarali foydalanish, ularni iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayveriga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Afshonada barpo etilayotgan etnoturizm shaharchasi ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Loyihaning umumiy qiymati 1,5 million AQSH dollarini tashkil etib, 1,5 gektar maydonni qamrab oladi. Eng muhimi, majmua oddiy sayyohlik ob’ekti sifatida emas, balki Afshona zaminining boy tarixi, milliy an’analari va buyuk alloma Abu Ali ibn Sino merosini keng targ‘ib etadigan yaxlit turistik maskan sifatida shakllantirilmoqda.
Majmua tarkibidan Abu Ali ibn Sino uy-muzeyi, tarixiy karvonsaroy, milliy hunarmandchilik ustaxonalari, mehmon uylari, choyxonalar hamda sog‘lomlashtirish maskanlarining o‘rin olishi rejalashtirilgan.
Bu ob’ektlarning har biri o‘ziga xos mazmunga ega. Uy-muzey buyuk allomaning hayoti va ilmiy merosi bilan tanishish imkonini bersa, tarixiy karvonsaroy qadimiy savdo yo‘llari va mintaqa tarixini namoyon etadi. Hunarmandchilik ustaxonalari esa avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy kasb-korlarni sayyohlarga tanishtirish bilan birga, mahalliy ustalar uchun yangi bozor va daromad manbalarini yaratadi.
Shu jihatdan qaraganda, “Afshona” etnoturizm shaharchasi — o‘tmishni shunchaki namoyish etadigan emas, balki tarixiy merosni bugungi iqtisodiy imkoniyatlar bilan bog‘laydigan loyihadir.

Har qanday hudud taraqqiyotini baholashda eng muhim mezonlardan biri — yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari va aholi daromadlarining ortishi.
Loyiha doirasida 55 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu raqam ortida o‘nlab oilalarning barqaror daromadi, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, mahalliy aholi uchun zamonaviy kasb va xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini egallash imkoniyati mujassam.
Zero, turizm rivojlangan hududda faqat mehmonxona yoki sayyohlik ob’ekti xodimlari emas, balki hunarmand, oshpaz, gid, haydovchi, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari ham o‘z mehnati orqali daromad topadi. Shu ma’noda, “Afshona” etnoturizm shaharchasi yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan cheklanmay, mahalliy iqtisodiyotning bir nechta yo‘nalishini bir vaqtning o‘zida harakatga keltirishi mumkin. Etnoturizmning yana bir muhim jihati — u mahalliy mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabni oshiradi.
Afshonaga kelgan sayyoh uchun milliy hunarmandchilik buyumlari, an’anaviy taomlar, milliy muhit, mehmon uylari va mahalliy aholining turmush tarzi oddiy xizmat emas, balki sayyohlik tajribasining bir qismi hisoblanadi.

Bu esa mahalliy aholi uchun yangi tadbirkorlik imkoniyatlarini yuzaga keltiradi. Kimdir hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi, kimdir oilaviy mehmon uyini yo‘lga qo‘yadi, yana kimdir milliy taomlar tayyorlab xizmat ko‘rsatadi. Natijada turizmdan keladigan iqtisodiy samara bitta ob’ekt doirasida qolib ketmay, butun mahallaga tarqaladi. Eng muhimi, bu jarayon yoshlarning o‘z hududida munosib daromad topishiga, yangi kasblarni egallashiga va tadbirkorlikka intilishiga zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri