Xivada jilolangan gilamlar
Xorazmda “Gilamlar jilosi” II xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Xorazmning gilamchilik san’ati ham boshqa madaniy meroslari kabi ko‘p asrlik tarixga ega. Arxeologik topilmalarga ko‘ra, Xiva gilamlarining tarixi miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid bo‘lib, hatto ana shunday gilam namunasi ham mavjud. Xorazmda to‘qilgan gilamlar qadim-qadimdan Eronning “Sahabiylar gilami”, Turkman gilamlari yoki Xitoyning ipak gilamlari kabi dunyoning eng qimmat gilamlari qatorida bo‘lgan.
Xorazm gilamchilik san’ati ajdodlarimizdan bizga qadar asrab-avaylangan. Bugun esa bu an’analar yangi nafas, zamonaviy dizayn va innovatsiyalar bilan boyitilmoqda.
Milliy hunarmandchilik an’analarini keng targ‘ib etish, gilamdo‘zlik san’atini rivojlantirish hamda Xorazmning turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan “Gilamlar jilosi” II xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov hamda respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzahmedov so‘zga chiqdi. Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazma hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma savdosi, madaniy dasturlar, mahorat va ilmiy muloqotlarni o‘z ichiga oldi.
Unda Eron, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi davlatlardan yigirmadan ortiq hamda mamlakatimizning turli hududlardan kelgan hunarmandlar, dizaynerlar va tadbirkorlar ishtirok etdi. Ustalarning barchasi o‘zlarining eng noyob va betakror ijodiy ishlarini namoyish etishdi.
– O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazma dunyo gilamdo‘zlari uchun mahorat maydoni desam adashmayman, – deydi qozog‘istonlik hunarmand Anorgul Norbo‘tanova. – Men gilamni ipakdan to‘qiyman. Asosan o‘zbek ipagidan foydalanaman. Chunki, uning muloyimligi va sifati boshqa ipaklardan farq qiladi. Xalqlarimiz azaldan qardoshdir. Madaniyatimiz va an’analarimiz ham o‘xshash. Naqshlar va bezaklar ham ozgina farq qiladi. Festivalda juda ko‘p yangiliklarning guvohi bo‘ldim. Bu mening keyingi faoliyatimda juda qo‘l keladi, deb o‘ylayman.
Xalqaro ko‘rgazmada xorijiy hunarmandlardan tashqari soha olimlari, san’at mutaxassislari va tadbirkorlar ham ishtirok etishdi.
– Turk xalqlari, xususan, Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi azaliy qadriyatlar bir - biriga chambarchas bog‘liqdir, –deydi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli. – Gilamdo‘zlik ham ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq yillik diplomatiyada muhim o‘rin tutgan. Qadim-qadimdan ikki xalq bir-biriga bo‘lgan hurmatini nafis va qimmatbaho gilam sovg‘a qilish orqali ifoda etishgan. Bu an’anani mazkur ko‘rgazmada ham ko‘rish mumkin. Aslida xorazmliklar hech qachon kelgan mehmonini sovg‘asiz yoki kichik gilamsiz qaytarmaydi. Bu juda go‘zal odat deb bilaman.
Joriy ko‘rgazmada oldingisiga nisbatan o‘zgarishlar juda ko‘p bo‘ldi. Chunki, usta hunarmandlar tomonidan tayyorlab kelingan gilamlar bir-biridan nafaqat ranglar jilosi, to‘qilishi va tarixi, balki narxlari bilan ham farq qildi.
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yashovchi hunarmand Asiba Botirova gilam to‘qish bilan bolaligidan shug‘ullanib keladi. U mazkur ko‘rgazmada ikkinchi bor ishtirok etib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– O‘tgan yili bir olam taassurotlar bilan ketgan edik, – deydi hunarmand. – Bu gal o‘zgarishlarni ko‘rib juda quvondim. Men gilamning asosan julpat, qoqma, sholcha kabi turlarini to‘qiyman. Iplar qo‘y va echki jo‘nidan tayyorlanadi. Bitta gilam 20-30 kunda to‘qib tugatiladi. Jo‘n dastlab tozalab yuvilib, savalanadi va chuyka holiga keltiriladi. Undan so‘ng ip yigirilib, kalava holiga keltiriladi va rang beriladi. Rang berishda tabiiy va kimyoviy bo‘yoqlardan foydalanamiz.
Ko‘rgazma doirasida ko‘hna “Ichan qal’a” da joylashgan usta hunarmand Madrahim Matkarim ustaxonasida tabiiy bo‘yoqlar tayyorlash texnologiyasi va ipak iplarni bo‘yash usullari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun qadimiy qal’a bo‘ylab sayohat uyushtirildi.
Tadbirning tantanali yopilish marosimida milliy va xorijiy hunarmandlarning ijodiy ishlari e’tirof etilib, ko‘rik-tanlov g‘oliblari e’lon qilindi.
Jumladan, "Eng yaxshi gilamdo‘z" nominatsiyasida:
1-o‘rin: Davletov Ilhom (O‘zbekiston, Farg‘ona) – 5 million so‘m,
2 -o‘rin: Masharipova Zulfiya (O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston) – 3 million so‘m,
3 -o‘rin: Abilova Nazila (Ozarbayjon) – 2 million so‘m.
"Eng yosh gilamdo‘z" nominatsiyasida:
1-o‘rin: Nasimzada Mohammad Rafi (O‘zbekiston, Toshkent sh.) – 5 million so‘m,
2-o‘rin: Abdi Ghoushbolagh Fatemeh (Eron) – 3 million so‘m,
3-o‘rin: Xolmatova Baxtigul (O‘zbekiston, Jizzax) – 2 million so‘m pul mukofotlari, esdalik sovg‘asi hamda diplom egasi bo‘lishdi.
[gallery-32032]
“Gilamlar jilosi” II xalqaro ko‘rgazmasi milliy gilamdo‘zlik an’analarini asrab-avaylash, mohir hunarmandlarning ijodiy ishlarini keng namoyish etish, shuningdek, xalqaro madaniy aloqalar va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari