Millatning ma’naviy qalqoni
Yaxshi kitoblarning o‘ttiz ikki, ehtimolki, undan ham ko‘proq ezgu xususiyatlari borligini bilasizmi? Ularning mo‘’jizakorligi, o‘ziga xos quvvati, ma’naviy quvvati haqida-chi? Adibu shoirlarning yurak iztiroblari, ruhiy kechinmalari, qalb evrilishlari kitob sahifalariga muhrlanib qolishini-chi? Yaxshi kitob insonning eng sodiq va ishonchli do‘sti ekanini-chi? Tarixda yurtimizga ko‘z tikkan istilochilar xalqimizni ma’naviyatidan, milliy o‘zligidan ayirish uchun, eng avvalo, kitoblarni yoqib, kutubxonalarni vayron qilganini-chi?
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida «Parkent» ijod uyida tashkil etilgan ikki kunlik respublika ma’rifiy seminarida ayni shu savollarga javob izlandi. Yozuvchi va shoirlar, kutubxona xodimlari hamda mas’ullar ishtirokida o‘tgan seminar ziyo maskani xodimlari uchun ham, ijod ahli uchun ham birdek foydali va qiziqarli bo‘ldi. Seminar-mashg‘ulotlar davomida kitobxonlik madaniyati, kutubxonachilarning jamiyat oldidagi burchi, milliy adabiyotimiz va ona tilimizning qadr-qimmati haqida atroflicha so‘z yuritildi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz ijodkor Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosarlari Farida Afro‘z va G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, mamlakatimizda kitobxonlik harakatining faol targ‘ibotchisi Umida Teshaboyeva, ustoz ijodkorlar Xurshid Do‘stmuhammad va O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir o‘z chiqishlarida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda boshlangan kitobxonlik harakati tobora keng quloch yozayotganini ta’kidladilar. Bunday ezgu jarayonda tashkilotlar, vazirlik va idoralar, ijodkor ziyolilar faol ishtirok etayotgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, taniqli adib va huquqshunos Komiljon Sindarov, «Kelajak bunyodkori» medali sohibi, shoir va publitsist, «Jadid» gazetasi jurnalisti Shahriyor Shavkat milliy adabiyotimiz, kitob va kutubxonaning o‘z hayotlari, ijodiy kamolotlari hamda erishgan yutuqlarida tutgan o‘rni haqida batafsil so‘zladilar.

Ustoz ijodkorlar ta’kidlaganlaridek, yaxshi kitob dunyodagi eng sodiq va ishonchli do‘stdir. U insonga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan hamroh, beminnat yordamchi va ma’naviy madadkordir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan millatimizning kitobxonlik darajasini yuksaltirish borasida ko‘plab ezgu chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yangi ma’rifat maskanlari barpo etilmoqda, mavjud kutubxonalarning zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Umummilliy dasturlar, kitobxonlik tanlovlari va adabiyot bayramlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi.

Zero, kitobxonlik shunchaki mutolaa emas, balki insonning o‘zini anglashi, dunyoni teranroq idrok etishi va ma’naviy jihatdan yuksalish yo‘lidir. Kitob o‘qigan insonning tafakkuri boyiydi, didi noziklashadi, so‘zga va hayotga munosabati o‘zgaradi. Jamiyatning ma’naviy qiyofasi esa, avvalo, uning kitobga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, har bir kutubxona bilimlar xazinasigina emas, balki millatning ma’naviy kelajagini tarbiyalaydigan muqaddas maskandir. Bugun jamiyatimizda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlarda kitoblarda mujassam bo‘lgan ma’rifiy bilimlarni hayotga tatbiq etishning ham munosib hissasi bor.
Seminar davomida ustoz yozuvchilar jadid bobolarimizning ilm-fan va kitobga bo‘lgan cheksiz hurmati, millat kelajagi yo‘lida chekkan zahmatlarini yodga oldilar. Bugungi avlod ana shu ma’rifatparvar ajdodlarning munosib davomchisi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Jadidlar yaratgan asarlar, ular chop ettirgan matbuot nashrlari, jumladan, «Ulug‘ Turkiston» gazetasi tariximizning muhim sahifalari ekani qayd etildi. Ushbu merosni qayta tiklash va o‘rganishda Xondamir Qodiriy kabi fidoyi insonlarning xizmatlari beqiyos ekani alohida e’tirof etildi.

Jadidlar merosi nafaqat o‘tmishdan qolgan tarixiy hujjat, balki bugungi kun uchun ham ma’naviy quvvat manbaidir. Ularning ilmga tashnaligi, millatparvarligi va ma’rifat yo‘lidagi fidoyiligi yoshlarimiz uchun munosib namuna bo‘lib xizmat qiladi. Zero, millatning ertangi kuni bugun qancha kitob o‘qilayotgani, qancha yoshning qalbida ilmga muhabbat uyg‘onayotgani bilan ham belgilanadi.
– Inson kamolotida yaxshi kitoblarning, kutubxonalarning o‘rni beqiyos, –dedi ustoz jurnalist va adib Ahmadjon Meliboyev.– Kitob millatni saqlab qoladigan, unga quyosh yanglig‘ nur sochadigan bebaho boylikdir.

— Mening kitobxon bo‘lishimda onamning xizmatlari katta, — dedi yozuvchi va huquqshunos, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Komiljon Sindarov. – Sababi, onalarim kutubxonachi bo‘lib ishlaganlar. Ular bizga yoshimizga qarab kitoblar tanlab, mutolaa uchun tavsiya etardilar.
E’tirof etilganidek, kutubxonachilik azaldan yuksak qadrlangan, katta bilim va mas’uliyat talab etadigan sharafli kasblardan biri bo‘lgan. Tarixga nazar tashlasak, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk siymolarning faoliyatida ham kitob va ma’rifat alohida o‘rin tutganini ko‘ramiz. Mirzo Ulug‘bek ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa, Alisher Navoiy Hirotdagi adabiy va ma’rifiy muhitning yuksalishiga beqiyos xizmat qilgan. Bu esa kitob va kutubxonalarning nafaqat bilim manbai, balki davlat va jamiyat ma’naviy hayotining muhim tayanchi bo‘lib kelganini ko‘rsatadi. Keyingi davrlarda ham bu an’ana davom etgan. Xususan, Boburiylar saltanatida, jumladan, Akbarshoh davrida saroy kutubxonalari rivojlanib, turli tillardagi asarlar va nodir qo‘lyozmalar jamlangan. Bunday ma’rifat maskanlari o‘z davrining ilmiy va madaniy salohiyatini namoyon etgan. Albatta, tarix davomida turli siyosiy voqealar va urushlar oqibatida ko‘plab qimmatli kitoblar yo‘qolgan, ayrim qo‘lyozmalar esa boshqa hududlarga olib ketilgan. Shunga qaramay, bugungacha saqlanib qolgan yozma meros insoniyat tafakkuri va madaniyatining bebaho boyligi hisoblanadi. Zero, kitobni qadrlash va asrab-avaylash — nafaqat o‘tmishga hurmat, balki kelajak oldidagi mas’uliyat hamdir.

Erkin A’zam kitob o‘qish avvalgi davrlarda katta obro‘ va mavqe belgisi hisoblanganini eslar ekan, bugun mutolaaga bo‘lgan qiziqish biroz susayganidan tashvish bildirdi. Ustoz yozuvchi kitobni shunchaki «jonsiz qog‘oz» emas, balki inson bilan dardlasha oladigan, uning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘ladigan, go‘yo tiriklik nafasi ufurib turgan ma’naviy makon sifatida ta’rifladi.
Uchrashuv davomida kutubxona xodimlarining o‘zlari ham adabiyot va kitoblardan yaxshi xabardor bo‘lishi, avvalo, o‘zlari faol kitobxonga aylanishi muhim hayotiy talab ekani ta’kidlandi. Bunday jonli muloqotlarni mamlakatimizning turli hududlarida ham tashkil etish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Zero, ona tilimizni asrab-avaylash, yoshlarda kitobga mehr va hurmat uyg‘otishda kutubxonachilarning hissasi beqiyos. Ayniqsa, bugun yoshlar ongi va dunyoqarashiga turli axborot oqimlari, ommaviy madaniyatning salbiy ta’sirlari kirib kelayotgan bir sharoitda ularni milliy adabiyotimiz durdonalari bilan oshno etish, kitob orqali ezgulik va go‘zallikka oshno qilish kutubxona xodimlarining muhim vazifalaridan biridir. Chunki yaxshi kitob yosh qalbida milliy g‘urur, mustaqil fikr va hayotga mas’uliyat bilan qarash tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muloqot davomida ishtirokchilar adiblarga asarlarining yaratilish tarixi, kitobga va ona tilimizga munosabati xususida savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Samimiy va jonli savol-javoblar ijod ahli bilan kutubxonachilar o‘rtasidagi ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamladi.
Seminar yakunida bunday samimiy, mazmunli va manfaatli muloqotlarni mamlakatimizning barcha hududlaridagi kutubxonalar va ma’rifat maskanlarida tashkil etishga kelishib olindi.
Darhaqiqat, kitobxonlikka ochilgan eshik ma’rifatga ochilgan eshikdir. Kutubxonaga qadam qo‘ygan har bir inson qalbida yangi bir olamga yo‘l ochiladi. Millatning ma’naviy qudratini yuksaltirish esa kitobni sevish, uni asrash va kelgusi avlodlarga yetkazishdan boshlanadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA