Prezident sovg‘asi — Haj safariga yo‘llanma
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar izchil davom etmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan tashabbuslar xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

Ayniqsa, Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, xayriya tadbirlarini tashkil etish, bepul jarrohlik amaliyotlari, iftorliklar va arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini o‘tkazish kabi savobli ishlar xalqimizga katta ma’naviy ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Ana shu insonparvar siyosatning mantiqiy davomi sifatida bugun yurtdoshlarimizdan 100 nafar fuqaro “Prezident hojisi” maqomi bilan muborak Haj safariga kuzatilmoqda. Bu — davlatimiz rahbarining inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi yuksak e’tiborining yana bir amaliy ifodasidir.

Jumladan, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida yashovchi Abduhoshim O‘rozovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Haj yo‘llanmasi va Prezident sovg‘asi tantanali ravishda topshirildi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ziyoratchi xonadonida bo‘lib, davlatimiz rahbarining samimiy tilaklarini yetkazdi.
“Prezident hojilari” tashabbusi xalq va davlat o‘rtasidagi mehr-oqibat, e’tibor va ishonch mustahkamlanayotganining yorqin namunasidir. Bu nafaqat ziyoratchilar, balki ularning oilalari va mahalla-ko‘yi uchun ham unutilmas quvonchga aylanmoqda.
– Haj safari uchun yo‘llanma va Prezident sovg‘asini qabul qilib olganim hayotimdagi eng unutilmas va quvonchli voqealardan biri bo‘ldi. Biz oddiy insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik qalbimizni cheksiz minnatdorlikka to‘ldiradi. Muqaddas joylarda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqi uchun duolar qilamiz, – deydi minnatdorchilik va sevinch yoshlarini yashira olmay Abduhoshim O‘rozov.

Haj insonni ma’nan poklaydigan, qalbni ezgulik va shukronalikka chorlaydigan ulug‘ ibodatdir. Hajda qilingan duolar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqi uchun ezgu niyatlarga uyg‘un bo‘lishi, shubhasiz.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri