Olis hududlarda ijtimoiy xizmat samarasi
Bugun mahalladagi ijtimoiy xodimlar aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim bo‘g‘inga aylanmoqda. Ular joylarda inson taqdiri, murojaat va muammolar bilan bevosita ishlab, ijtimoiy xizmatlarning manzilli yetkazilishiga xizmat qilmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi “Xo‘jaobod” mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Lola Valiyeva ana shunday fidoyi mutaxassislardan biri.

Viloyat markazidan qariyb 60 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallada 1088 ta oila istiqomat qiladi. Shulardan 132 tasi “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan. Shuningdek, mahallada 97 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi, ularning 24 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Ijtimoiy xodimning amaliy ko‘magi bilan 3 nafar nogironligi bo‘lgan bola inklyuziv ta’lim sinflariga yo‘naltirildi. Bu esa ularning tengdoshlari bilan birga ta’lim olishi, jamiyatga moslashuvi va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, mahallada 20 nafarga yaqin fuqaroga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilib, ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashildi.

Jumladan, Behruz Mardonov ma’lum sabablarga ko‘ra uzoq vaqt uy sharoitida qolib ketgan edi. Ijtimoiy xodim tomonidan uning oilasi bilan suhbat o‘tkazilib, psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya ko‘rigidan o‘tishi uchun ariza rasmiylashtirildi. Natijada u tumandagi 3-sonli umumta’lim maktabining inklyuziv sinfiga jalb etildi.

Shuningdek, Fotima Abdullayeva ham avval uyda ta’lim olar edi. Ijtimoiy xodim ko‘magida tegishli komissiyaga murojaat qilinib, u ham inklyuziv sinfga joylashtirildi. Ayni paytda u tengdoshlari bilan birgalikda ta’lim olmoqda. Yaqinlari bu imkoniyatdan mamnunligini bildirmoqda.
Ta’kidlanganidek, joylarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini kuchaytirish aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inklyuziv muhitni kengaytirish hamda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri