Tog‘-kon sohasida raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov hamda “Schlumberger” kompaniyasining Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Lindsi Lomas boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda SLB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, sohada professional kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida geologiya sohasida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shu jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali geologik qidiruv va tahlil ishlari samaradorligini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida tomonlar galdagi vazifalarni belgilab oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA