Taklif etilayotgan innovatsion g‘oyaning ahamiyati
Bugun dunyo suv uchun kurashayotgan bir paytda, oddiy yomg‘ir suvini ham asrab, uni qishloq xo‘jaligi ehtiyojiga yo‘naltirish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir dunyoda qishloq xo‘jaligi sohasi jami chuchuk suv zaxiralarining qariyb 70 foizini iste’mol qiladi. Shu bilan birga, suv tanqisligi tobora kuchayib, milliardlab insonlar suv yetishmovchiligi sharoitida yashamoqda.
Ayniqsa, suv tanqisligi yildan-yilga keskinlashayotgan qishloq hududlari uchun yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta foydalanishga qaratilgan innovatsion tizimlar hayotiy ehtiyojga aylanmoqda. Eng muhimi, bu kabi texnologiyalar katta suv omborlari yoki qimmat infratuzilmasiz ham amalga oshirilishi mumkin.
Taklif etilayotgan innovatsion g‘oya ana shu jihati bilan ahamiyatli. Unda yomg‘ir yoqqan paytda xonadon yoki fermer xo‘jaligi tom qismiga tushgan suv tarnovlar orqali maxsus suv yig‘ish tizimiga yo‘naltiriladi. Suv dastlab beton bilan mustahkamlangan, ustki qismi tosh, keyingi qatlami qum, so‘nggi qismi shag‘al bilan to‘ldirilgan, eng past qismi esa suv o‘tkazmaydigan maxsus beton qoplama bilan himoyalangan filtrlovchi inshootdan o‘tadi. Bu jarayonda suv tabiiy tarzda tozalanadi va texnik sug‘orish uchun yaroqli holatga keladi.
Tizimning eng muhim qismi — shag‘al qatlami ichiga ko‘plab mayda teshikchalarga ega maxsus quvur joylashtirilganidir. Ana shu quvur orqali filtrlangan suv – suv o‘tkazmaydigan maxsus quduqchaga yig‘iladi. Quduq tagiga o‘rnatilgan suv nasosi esa yig‘ilgan suvni favvorali yoki tomchilatib sug‘orish tizimlariga uzatadi. Natijada hatto qisqa muddatli yomg‘irdan ham katta hajmdagi suvni tejab qolish imkoni paydo bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yomg‘ir suvini yig‘ish texnologiyalari yer osti suvlariga bo‘lgan bosimni kamaytiradi, suv isrofining oldini oladi va qurg‘oqchilik xavfini yumshatadi. Ayrim davlatlarda ana shunday tizimlar orqali millionlab litr suv tejab qolinayotgani qayd etilmoqda. Masalan, Hindistonning Puna shahrida joriy etilgan yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari ayrim turar joy majmualarida tashqi suv ta’minotiga qaramlikni bir necha barobar kamaytirgan.
Eng ahamiyatlisi, mazkur texnologiyani mahalliy sharoitda, katta xarajatsiz barpo etish mumkin. Tosh, qum, shag‘al, beton halqalar va oddiy nasos qurilmasi asosida yig‘iladigan bunday tizim suv tanqis hududlardagi aholi tomorqalari, issiqxonalar va kichik fermer xo‘jaliklari uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin.
Bugun iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi insoniyat oldidagi eng og‘ir sinovlardan biriga aylanayotgan bir paytda har bir tomchi suvning qadri ortmoqda. Ana shunday sharoitda yomg‘ir suvini ham asrab, uni yana ekinga qaytarishga qaratilgan bu kabi innovatsion yechimlar nafaqat iqtisodiy samara, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri